O‘zA O`zbek

07.09.2018 12:08 Chop etish versiyasi

Zamonamizning asosiy muammolaridan biri...

Zamonamizning asosiy muammolaridan biri...

8-sentabr – Xalqaro savodxonlik kuni

Savodxonlik insonni shaxs etib shakllanishida eng muhim omil ekani hech kimga sir emas. Savodli inson hayotda oʻz oʻrnini topib ketishi aniq. Savodxonlik nafaqat huquq, balki majburiyat ekanini aslo unutish kerak emas. 

Har yili 8-sentabrda Xalqaro savodxonlik kuni nishonlanadi. Bu bayram UNЕSCO tomonidan 1966-yilda joriy etilgan. 2018-yilda Xalqaro savodxonlik kuni 53-marta nishonlanadi. 

Xalqaro savodxonlik kunini endigina harf taniyotganlardan tortib, oʻquvchi va talabalarga taʼlim berayotgan ustozlar ham nishonlaydi. Asosiy tadbirlar UNЕSCO qarorgohida boʻlib oʻtadi. Har yili UNЕSCO tomonidan savodxonlikni keng targʻib qilganlarga beshta mukofot beriladi. Shundan uchtasi Xitoy hukumati tomonidan taʼsis etilgan Konfutsiy nomli (The UNESCO Confucius Prize for Literacy) mukofot boʻlsa, ikkitasi Janubiy Koreya hukumati moliya bilan taʼminlaydigan qirol Sedjong (The UNESCO King Sejong Literacy Prize) mukofotidir.

1965-yilning 8-sentabr kuni Tehronda Taʼlim vazirlarining savodsizlikni tugatishga bagʻishlangan Jahon konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Aynan shu anjuman ishtirokchilarining tashabbusi bilan bu bayram taʼsis etildi. 1987-yilning 7-dekabrida BMT Bosh Assambleyasi (№ A/RES/42/104) rezolyutsiya qabul qilib, 1990-yilni Xalqaro savodxonlik yili deb eʼlon qildi. 2002-yilning 18-yanvarida esa 2003-yilning 1-yanvaridan boshlab “BMTning savodxonlik oʻn yilligi” deb nomlangan rezolyutsiya (№ A/RES/56/116) qabul qilindi. Oradan bir yil oʻtib, qabul qilingan rezolyutsiyada (№ A/RES/57/166) “BMTning oʻn yillik savodxonlik uchun Harakat rejasi” tasdiqlandi va qabul qilindi.

2000-yil Senegal poytaxti Dakarda BMT tomonidan Taʼlim boʻyicha Jahon anjumani oʻtkazildi. Unda 2015-yilga borib, taʼlim va savodxonlik sifatini yuksaltirish hamda savodsizlikni teng yarmiga qisqartirish masalasi qoʻyildi. Bu tashabbusni 160dan ortiq davlat qoʻllab-quvvatladi. Asosiy yoʻnalishlardan biri – u yoki bu sabablarga koʻra maktabga bormayotgan xotin-qizlar savodxonligini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratildi. Shuni taʼkidlash kerakki, 2005-yilgi maʼlumotlarga koʻra, atigi 50ga yaqin davlatdagina bolalarning boshlangʻich taʼlimi taʼminlangan. Oʻsha yili sayyoramiz aholisining 20 foizi savodsiz ekani aytilgan edi.

UNЕSCO maʼlumotlariga koʻra, bugungi kunda jahonda mutlaqo yozish va oʻqishni bilmaydigan 758 million kishi istiqomat qilmoqda. Ularning uchdan ikki qismini xotin-qizlar tashkil qiladi. Savodsizlar asosan Afrika, Janubiy va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlari hissasiga toʻgʻri keladi. Afgʻoniston, Mali va Senegal aholisining 50 foizi savodsiz ekani aytiladi.

Ayni damda jahondagi 263 millionga yaqin bola maktabga bormayapti. Taʼlimdan bebahra qolayotgan bolalarning uchdan ikki qismi urush va qurolli toʻqnashuvlar davom etayotgan mamlakatlarda istiqomat qiladi. Xalqaro ekspertlar taʼlim dargohlariga uyushtirilayotgan hujumlar ham ortib borayotganidan oʻz xavotirini bildirmoqda. 

Statistika maʼlumotlariga koʻra, yaqin orada maktabga bormaydigan bolalar soni besh barobar oshadi. Vaziyat shu darajada ketadigan boʻlsa, boshlangʻich taʼlim bilan barchani taʼminlash rejasi 2042-yilga boribgina amalga oshishi mumkin. Qashshoq davlatlar esa yuz yil oʻtibgina bu maqsadga erishishlari mumkin. Sahroi Kabirda qizlarning yuz foizi 2086-yilga boribgina maktabga borishlari taʼminlanadi.

UNЕSCO taʼlimni birinchi oʻringa chiqarmoqda. 2030-yilgacha boʻlgan muddatga belgilangan Taraqqiyot dasturida ham taʼlim sohasiga alohida eʼtibor qaratilgan. UNЕSCO rahbariyatining fikricha, bu dastur nafaqat ocharchilikka barham beradi, balki maktabga boruvchi bolalar soni koʻpayishiga hissa qoʻshadi.

Shuni taʼkidlash kerakki, ayrim mamlakatlarda maktabni bitirgan bolalarni tom maʼnoda savodxon deb boʻlmaydi. Chunki ularning bilimi xalqaro meʼyorlarga toʻla mos kelmasligi aytiladi. Shu bois savodsizlikka qarshi kurash zamonamizning asosiy muammolaridan biri boʻlib qolmoqda.

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA
2 228