O‘zA O`zbek

16.04.2019 01:35 Chop etish versiyasi

Yirik tadqiqot natijasi eʼlon qilindi: alkogolning har qanday miqdori insultga olib keladi

Yirik tadqiqot natijasi eʼlon qilindi: alkogolning har qanday miqdori insultga olib keladi

Hattoki, kichik miqdordagi spirtli ichimlik ham qon bosimini koʻtarib, insultning yuzaga kelish xavfini oshiradi, degan xulosa havola qilinadi nufuzli Lancet jurnalida eʼlon qilingan yirik tadqiqotda. 

Bunga qadar kuniga ichilgan oz miqdordagi alkogol kishi salomatligiga ziyon yetkazmaydi, deb hisoblab kelinar edi.

BBC maʼlum qilishicha, Buyuk Britaniya va Xitoy olimlari 10 yil davomida 500 ming nafar xitoylikni kuzatganlar.

Olimlarga koʻra, tadqiqot natijalari barcha millatlarga mos tushadi. Olimlar mazkur natijalarni alkogolning tanaga toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsirini namoyon qiluvchi eng yaxshi dalil sifatida tasvirlagan.

Ekspertlar har kim alkogol isteʼmolini kamaytirishi zarurligini taʼkidlaydi.

Koʻp ichishning zarari tibbiyotga uzoq vaqtdan beri maʼlum edi, ammo baʼzi tadqiqotlar kam miqdordagi alkogol salomatlik uchun foyda keltirishi mumkin, degan xulosaga kelgan. Biroq mazkur tadqiqot hech qaysi miqdordagi ichkilik xavfsiz emasligini koʻrsatgan.

Tadqiqotda nima deyiladi?

Tadqiqotni olib borgan Oksford, Pekin universitetlari va Xitoy Tibbiy Fanlar Akademiyasi olimlari quyidagi xulosalarni taqdim qilgan:

kuniga bir yoki ikki marta alkogol ichish insult xavfini 10-15 foizgacha oshiradi;

kuniga toʻrt marta ichish insult xavfini 35 foizga qadar oshiradi.

Tadqiqotda bir martalik ichkilik quyidagicha tavsiflangan:

kichik bokaldagi vino;

bir shisha pivo;

bir marta koʻtarishga yetuvchi boshqa spirtli ichimliklar.

Tadqiqot davomida oz miqdorda ichilgan vino yoki pivoning salomatlik uchun foyda keltirishi isbotlanmagan.

Olimlarga koʻra, alkogolning yurak faoliyatiga salbiy taʼsiri yuzasidan tugal xulosaga kelish uchun yana bir necha davomida izlanish olib borishga toʻgʻri keladi.

Nega aynan xitoyliklar kuzatildi?

Sharqiy Osiyo alkogolning taʼsirlarini oʻrganish uchun qulay joy sanaladi.

Xitoyda koʻplab odamlar ichishdan qaytaruvchi qadimiy genlar kombinatsiyasiga ega. Ushbu genlar alkogolga nisbatan yoqimsiz reaksiya yuzaga kelishiga taʼsir qiladi. Shu sababdan xitoylik erkaklarning uchdan bir qismi ichmaydi. Juda kam ayollar alkogol isteʼmol qilishi mumkin.

Olimlarning maʼlum qilishicha, genetik bichimiga qarab ichuvchilar va ichmaydigan odamlarning salomatligini qiyoslash bilan alkogolning bevosita asoratlarini aniq oʻrganish mumkin.

Gʻarbliklarda bunday genlarning mavjud emasligi tufayli oʻxshash tadqiqotni boshqa yerda oʻtkazishning imkoni boʻlmasligi mumkin.

Boshqa ekspertlar nima deydi?

Kembrij Universitetidan doktor Stiven Berjes yuqorida tilga olingan tadqiqotning ayrim cheklovlari borligini aytadi - unda faqatgina Xitoy aholisi oʻrganilgan va asosiy eʼtibor vinoga emas, balki spirtlar hamda pivoga qaratilgan.

Biroq doktor Berjes tadqiqot oʻzida soʻnggi oʻn yilliklarda oʻtkazilgan boshqa koʻplab ilmiy ishlar natijalarini oʻzida aks ettirganini taʼkidlaydi.

“Insult xavfi isteʼmol qilingan alkogol miqdoriga monand ravishda oshib boradi. Shuning uchun odamlar oʻzini ichkilikdan tiya olmasa, hech boʻlmaganda, uning miqdorini kamaytirishi lozim.”

Amaliy statistika fani boʻyicha faxriy professor Kevin Makvoy esa tadqiqotning hamma savolga javob bermaganini maʼlum qiladi.

“Bu tadqiqot bizning alkogol toʻgʻrisidagi bilimlarimizni yanada oshiradi, ammo u alkogolning nega insult xavfini orttiradiyu, lekin yurak xurujiga sabab boʻlmasligining tagiga yetmagan.”

Kembrij Universitetidan boshqa bir professor Devid Spigelhalter tadqiqot bilan tanishib chiqqanidan soʻng oʻzida ikkilanish paydo boʻlgani haqida soʻzlaydi.

“Men doimo meʼyorida ichilgan alkogolning yurak-qon tomir xastaliklariga sabab boʻlmasligiga ishonar edim, endi bu borada shubhaga borib qoldim”.

OʻzA
630