O‘zA O`zbek

26.03.2020 Chop etish versiyasi

Yevropaning eng badavlat kishisi boyligini bir kunda 11,3 milliard dollarga oshirib oldi

Yevropaning eng badavlat kishisi boyligini bir kunda 11,3 milliard dollarga oshirib oldi

Yevropaning eng badavlat kishisi hisoblangan, Louis Vuitton Moyot Hennessy kompaniyasi prezidenti Bernar Arno boyligini bir kunda 11,3 milliard dollarga koʻpaytirib oldi, deb yozadi Bloomberg agentligi.

Bunday koʻrsatkich fond bozoridagi ijobiy oʻsish sababli yuz berdi. Ammo ushbu rekord darajadagi oʻsishga qaramay, tadbirkorning koronavirus keltirib chiqargan inqiroz tufayli yoʻqotgan hamma pulini ortga qaytara olgani yoʻq, deyiladi xabarda.

Dunyodagi eng taniqli investorlardan yana biri, amerikalik tadbirkor Uorren Baffet ham mablagʻini bir kunda 6,5 milliard dollarga oshirdi. Fond birjasidagi ijobiy oʻzgarishlar Inditex kompaniyasi asoschisi, ispaniyalik biznesmen Amansio Orteganing boyligiga yana 5,9 milliard dollar qoʻshdi.

Oʻtgan oyda dunyoning 20 ta eng badavlat odamlari yoʻqotgan boyligi jami 300 milliard dollarni tashkil etdi. Bularning barchasi koronavirusning jahon fond bozoriga koʻrsatayotgan salbiy taʼsiri ortidan yuz bermoqda. Forbes maʼlumotlariga koʻra, hammadan koʻp zararni aynan Bernar Arno koʻrgan.

1 315
OʻzA