O‘zA O`zbek

24.07.2020 Chop etish versiyasi

Yevropa ultratezkor temir yoʻllari tarmogʻini yaratishni rejalashtirmoqda

Yevropa ultratezkor temir yoʻllari tarmogʻini yaratishni rejalashtirmoqda

Yevropa Ittifoqiga kiruvchi mamlakatlarda ultratezkor temir yoʻl tarmoqlari paydo boʻladi, deb xabar beradi “YevroPuls”.

Ushbu yoʻllarda poyezdlar soatiga 350 kilometr tezlik bilan harakatlanishi mumkin, bu esa Yevropa boʻylab sayohat qilish vaqtini ikki barobarga qisqartirish imkonini beradi. Ushbu transportlarda yurish samolyotlarga qaraganda ham tezroq boʻladi. Chunki samolyotlarda sayohat qilish uchun avvalo aeroportga borish, nazoratdan oʻtish kerak boʻladi, bularning barchasi koʻp vaqt talab qiladigan jarayon.

Vena xalqaro iqtisodiy tadqiqotlar institutining (WIIW) bir guruh olimlari koronavirus pandemiyasidan keyin Yevropa Ittifoqi iqtisodiyotini qayta tiklash boʻyicha ilgari surayotgan takliflardan bittasi shu ekani aytilmoqda.

Olimlarning hisob-kitobicha, hozir Yevropadagi mavjud temir yoʻllarning aksariyati tez harakatlanuvchi poyezdlar talablariga toʻla javob beradi. Faqat toʻrtta shoxobchani qurish lozim boʻladi, bular: Lissabon – Xelsinki, Dublin – Parij (Lamansh boʻgʻozidan poyezdlar paromlarda olib oʻtiladi), Bryussel – Valletta va Berlin – Nikosiya (bu yerda ham qisman paromlardan foydalaniladi).

Ushbu shoxobchalar ishga tushirilishi natijasida nafaqat sayohatga ketadigan vaqt qisqaradi, balki havoga is gazi tarqalishini ham besh foizga kamaytirish mumkin. Bundan tashqari, ultratez temir yoʻl tarmoqlaridan yuk poyezdlari ham foydalansa boʻladi, natijada avtomobillarda yuk tashish hajmi qisqaradi.

1 789
OʻzA