O‘zA O`zbek

08.07.2019 Chop etish versiyasi

Yevroittifoq Markaziy Osiyo mamlakatlariga qo‘shimcha 72 million yevro ajratadi

Yevroittifoq Markaziy Osiyo mamlakatlariga qo‘shimcha 72 million yevro ajratadi

Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo mamlakatlariga yordam dasturlarini hayotga tatbiq qilish maqsadida qo‘shimcha 72 million yevro ajratadi.

7 iyul kuni Bishkekda YeIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Federika Mogerini va Markaziy Osiyodagi beshta mamlakat tashqi ishlar vazirlari ishtirokida “Yevropa Ittifoqi-Markaziy Osiyo” uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv yakunida mintaqa mamlakatlariga qo‘shimcha moliyaviy yordam berilishi borasida bayonot berildi.

2014 yildan 2020 yilga qadar mintaqaga berilishi kutilayotgan 1 milliard dollarga qo‘shimcha ravishda yordam dasturlarini hayotga tatbiq etish maqsadida YeI 72 million yevro ajratadigan bo‘ldi.

YeI tomonidan 7 iyul kuni tarqatilgan xabarda ta’kidlanishicha, Tojikiston aholini elektr energiya bilan ta’minlovchi va Afg‘oniston shimoliga eksport qilishga hissa qo‘shadigan yangi GES qurilishi uchun 20 million yevro oladi. Matbuot xabarida qaysi GES haqida gap borayotgani aniq emas, ammo bu loyihaga Germaniya yordam berishga tayyorligini ma’lum qildi.

Tadbirning bir kuni Yevropa Ittifoqi va Qirg‘iziston o‘rtasidagi munosabatlarga bag‘ishlandi.

Mogerinining Bishkek tashrifi doirasida YeI va Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish borasidagi yangi shartnomaning ishga tushirilishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. QR tashqi ishlar vaziri Chingiz Aydarbekov 6 iyul kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng matbuot vakillari oldiga chiqar ekan, YeI tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakilining Qirg‘izistonga tashrifini “tarixiy” deya atadi.

Uchrashuv jarayonida Yevropa Ittifoqi ta’lim sohasini qo‘llab-quvvatlash maqsadlari yo‘lida 35,7 million yevro ajratishi ma’lum bo‘ldi. Tomonlar bu boradagi tegishli Bitimni imzoladi.

Savdo sohasida huquqiy bazani yangilash va iqtisod, moliya, energetika, qishloq xo‘jaligi, raqamli iqtisod, mintaqalarni rivojlantirish - jami 24 ta yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash borasida kelishuvga erishildi.

Yevroittifoq a’zo mamlakatlardan Kelishuv borasida rozilik olishi kerak, Qirg‘iziston parlamenti esa ratifikatsiya qilishi lozim. Bundan avval Yevroittifoq yangilangan Shartnomani imzolash 2020 yil boshlariga mo‘ljallanganini ma’lum qilgandi.

Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat mahkamasi rahbari Federika Mogerinining aytishicha, “Markaziy Osiyodagi demokratik o‘zgarishlar “og‘riqli jarayon” bo‘lishi mumkin, ammo shu bilan birga jumladan, O‘zbekistonda ijobiy o‘zgarishlar alomatlari ko‘rinayotganini ta’kidladi.

Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha oliy vakili Bishkekda 7 iyul kuni bergan intervyusida Markaziy Osiyo mintaqasi boy energoresurslari uchun raqobatda bo‘lgan turli mamlakatlar - Yevropa Ittifoqi, AQSh, Rossiya va Xitoy bilan hamkorlik qilishda erkin bo‘lishi kerakligini qayd qildi.

729
O‘zA