O‘zA O`zbek

03.06.2020 Chop etish versiyasi

Yaponiyada koronavirus tufayli qancha odam ishdan boʻshatilgani oydinlashdi

Yaponiyada koronavirus tufayli qancha odam ishdan boʻshatilgani oydinlashdi

Yaponiyada tarqalgan koronavirus mamlakat mehnat bozoriga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmoqda. NHK telekanalining xabar berishicha, koronavirus tufayli Kunchiqar mamlakatida 16 ming 700 kishi ishdan boʻshatilgan.

Yanvarning oxiridan to 29-maygacha mehmonxona biznesida 3 ming 700 kishi ish oʻrnidan ajralgan, sayyohlik avtobuslarini boshqaradigan kompaniyalar va taksoparklar 2 ming 287 ishchisini boʻshatib yuborgan, ishlab chiqarishda faoliyat koʻrsatayotgan 2 ming 122 kishi hozir ishsiz qolgan.

Shunday qilib, Yaponiyada koronavirus pandemiyasining eng kuchli zarbasi turizm bilan bogʻliq sohalarda sezilmoqda.

Ishga chiqmayotgani yoki ishdan boʻshatilgani tufayli mehnat birjasiga 30 mingdan ziyod ariza kelib tushgan.

Oʻtgan hafta Yaponiyada bandlik va ishsizlik boʻyicha maʼlumotlar eʼlon qilindi. Unda keltirilishicha, aprel oyida 800 ming kishi ish oʻrnini yoʻqotgan. Qisqarish 7 yil mobaynida ilk bor kuzatilmoqda. Mamlakatda band boʻlganlar jami 66,28 million kishini tashkil etgan. Ishsizlar soni esa 1,89 million kishiga yetgan. Qatorasiga uchinchi oydirki, Yaponiyada ishsizlar sonining ortishi kuzatilmoqda.

2 174
OʻzA