O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 10:35 Chop etish versiyasi

Yaponiya: Zilzila qurbonlari soni 16 nafarga yetdi

Yaponiya: Zilzila qurbonlari soni 16 nafarga yetdi
Avval xabar berilganidek, kecha kunchiqar mamlakatning shimoliy oroli Xokkaydoda 6,7 magnitudali yer silkinishi qayd etilgan edi. Maʼlumotlarga koʻra, bu kabi kuchli zilzila 1998-yildan buyon kuzatilmagan. 

Tabiiy ofat vaqtida koʻplab yer oʻpirilishlari sodir boʻlgan. Oroldagi 3 millionga yaqin xonadon elektr-energiyasiz qolgan. Ayni vaqtda qidiruv-qutqaruv ishlari davom etmoqda. 

RIA Novostining “Kiodo” agentligiga tayanib xabar berishicha, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish boʻyicha chaqirilgan hukumat yigʻilishida Yaponiya Bosh vaziri Sindzo Abe zilzila oqibatida 16 kishi hayotdan koʻz yumgani, bedarak yoʻqolganlar 26 nafarligini maʼlum qilgan.

Avvalroq xorijiy ommaviy axborot vositalari Xokkaydodagi zilzilada halok boʻlganlar soni 13 nafarga yetganini qayd etgan edi. 

Malohat Husanova, OʻzA