O‘zA O`zbek

22.09.2020 Chop etish versiyasi

Yaponiya qanday qilib koronavirus bilan oddiy va samarali kurashmoqda

Yaponiya qanday qilib koronavirus bilan oddiy va samarali kurashmoqda

Ha! Yaponiyada ham koronavirus bor, tabiiy. Binobarin, kun chiqar yurtda hech kim talvasaga tushgani yoʻq. 

Hatto, kasallik eng yuqori choʻqqisiga chiqqan paytda ham. Sababi, yaponlar oʻz odatlariga sodiq tarzda davlatdan shikoyat qilish, atrofga jar solish yoki foydasiz oʻy-xayollarga berilish oʻrniga, hukumat tomonidan joriy qilingan tartib-qoidalarga qatʼiy rioya etishni maʼqul koʻrishdi. Aniqroq aytganda, davlat ham, fuqarolar ham virus tarqalishining oldini olish maqsadida oddiy, shu bilan birga samarali usullarga murojaat qilishdi.

“Yapon madaniyatiga xos eng muhim omillardan biri – insonning nafaqat oʻziga, balki yon-atrofidagilarga nisbatan ham masʼuliyat hissini sezishi. Bu fazilat, ayniqsa, epidemiya va inqiroz davrida juda asqotdi, - deydi Tokioda istiqomat qiladigan madaniyatshunos Yuliya Stonogina. – Hukumat tomonidan eʼlon qilinadigan bayonot yoki murojaatlarga ham, sogʻliqni saqlash tizimi tavsiyalariga ham yaponlar oʻta jiddiy eʼtibor bilan qarashadi. 

Ular ommaviy ravishda asrlar davomida saqlab kelinayotgan gigiyenik rejimga qatʼiy amal qilishdi. Yapon tilida uchta “oltin qoida” juda jarangdor yangraydi: ”Ugay, te-aray, suymin“, yaʼni “Tomoqni chayish, qoʻllarni yuvish, toʻyib uxlash”.

"Ushbu qoidani kun chiqar diyorning momolari va onalari avloddan avlodga toʻkis yetkazib kelishyapti. Eʼtirof etilishicha, muntazam ravishda dastlabki ikki odatga amal qilish – tomoqni chayish va qoʻllarni yuvish kishida har qanday virusga qarshi barqaror kurashuvchanlik qobiliyatini kafolatlaydi, keyingi chora esa ruhiy (psixologik) sogʻlomlikni mustahkamlab, umumiy immunitetni oshiradi.

“Yaponiyada har yili takrorlanadigan grippga, deyarli koʻnikib ketishgan, shuning uchun odamlar kundalik turmushda qadimiy qoidalarga birmuncha sust rioya qilishadi. Koronavirus esa boshqa masala. Vaziyatni anglab yetgan fuqarolar profilaktikaga nisbatan ehtiyojni darhol sezishdi va natija, hatto tibbiyot sohasi mulozimlarini ham hayratga soldi”, - deydi mutaxassis.

Umuman olganda, Yaponiyada qayd etilgan statistika koronavirusni uncha murakkab boʻlmagan profilaktika choralariga rioya etgan holda ham yengish mumkin, degan xulosaga kelish umidini beradi. Toʻgʻri, bir narsani tan olish kerak: yaponlar, boshqa millatlardan farqli oʻlaroq, juda intizomli xalq, ularga joriy etilgan yoki anʼanaga aylangan muayyan tartib-tamoyillarga sodiq qolish qiyinchilik tugʻdirmaydi. Boshqa tomondan qaraganda, “Odam qilgan ishni odam qiladi”, degan gap ham bor.

Albatta, bu oʻrinda masalaga biroz kengroq, yaʼni shaxsiy darajada emas, balki ijtimoiy nuqtayi nazardan qarash ehtiyoji ham mavjud: inqiroz davrida jamoatchilik xulqi va jamoatchilik institutlari ishi. Bu borada ham Yaponiya koʻpgina davlatlarga oʻrgansa arziydigan darajada oʻrnak boʻldi. Masalan, kompaniyalar oʻz mijozlari uchun ehtiyot choralarini qoʻllashi odat tusiga kirdi. 

Savdo nuqtalari, mehmonxonalar, ovqtalanish shoxobchalariga kiraverishda qoʻllarni qayta ishlashga moʻljallangan suyuqlik solingan idishlar qoʻyildi. Umuman olganda, yaponlarda xodimning yopiq yuz bilan xizmat koʻrsatishi mijozga nisbatan hurmatsizlik va hatto, qoʻpollik sifatida qabul qilinadi. Shu bois, avvaliga tibbiy niqobdan biroz ehtiyotkorlik bilan foydalanildi. Keyinroq buning ham yoʻli topildi: endilikda aksariyat savdo doʻkonlarida xizmatchilar niqobda boʻlganligi uchun uzr soʻralgan yozuvlar paydo boʻlgan. Qolaversa, bu aynan mijozlarni oʻylab joriy etilgan tartib ekani ham eslatib qoʻyilgan.

Tokio metrosida dunyoda pandemiya avjiga chiqqan paytda niqob taqish xavfsizlik garovi tushunchasigina emas, balki shunchaki etiket meʼyoriga aylandi. Umumiy ahvolni toʻgʻri tushungan aholi, hatto, mavsumiy allergiyani boshidan kechirayotganlar ham endilikda jamoat joyida yoʻtalmaslikka, aksirmaslikka harakat qiladi. Hozir poytaxt metrosida yoʻtalgan yoki aksirgan yoʻlovchini, deyarli uchratmaysiz.

Yapon anʼanaviy madaniyatida, odatda, qoʻl berib koʻrishmaydilar. Faqat global biznes vakillari uchungina bu qoida istisno etilgan. Koronavirus davrida esa tadbirkorlar ham munosabatning bunday usulidan toʻliq voz kechishdi. Demak, pandemiya ustidan toʻli gʻalaba qozonilmaguncha, yapon hamkor yoki tanishni uchratganda unga qoʻl uzatmagan maʼqul.
Soʻnggi maʼlumotlarga koʻra, Yaponiyada jami 79 mingdan ziyod fuqaro koronavirusga uchragani aniqlangan. Bemorlarning 71 yarim mingga yaqini tuzalgan. 1500 kishi halok boʻlgan.

2 952
O'zA