O‘zA O`zbek

04.07.2020 Chop etish versiyasi

Yaponiya janubi-gʻarbidagi shaharlar va qoʻrgʻonlar tashqi dunyodan uzilib qoldi

Yaponiya janubi-gʻarbidagi shaharlar va qoʻrgʻonlar tashqi dunyodan uzilib qoldi

Kun chiqar mamlakatning Kumamoto prefekturasida joylashgan Xitoyosi shahri va Asikita qoʻrgʻoni davomli yomgʻir va sel oqibatida telefon aloqasi va internetdan uzilib qoldi. Bu haqda NHK telekanali “NTT West” kompanisi teleoperatori manbasiga tayanib maʼlum qilgan.

Mazkur aholi punktlaridagi kattagina hududa telefon va internet ishlamayapti.

Shuningdek, aytilishicha, prefektura boʻyicha kamida 13 kishining taqdiri nomaʼlum, ular bilan bogʻlanishning iloji boʻlmayapti. Asikita qoʻrgʻonida seldan soʻng 10 nafar fuqaro aloqaga chiqmayapti. Sharros quygan yomgʻir natijasida hosil boʻlgan sel bir qancha uylarni surib ketgan. Yon-atrofdagi yoʻllarni suv bosgan, qutqaruvchilar kulfat roʻy bergan nuqtalargacha yetib bora olishmayapti. Oʻsha qoʻrgʻonning oʻzida yana bir joyda koʻllanish holati yuz bergani haqida axborot berilgan.

Yaponiyada qutqarish xizmati bilan ham shugʻullanuvchi yongʻindan saqlash boʻlimi xabariga koʻra, juda koʻpchilik yordam soʻrab murojaat qilmoqda: sel va toshqinlar tufayli odamlar oʻz uylarida qamalib qolishgan, ayrimlar tomga chiqib jon saqlab turishibdi. Ularning koʻpchiligi ijtimoiy tarmoqlar orqali yordam soʻrayapti.

Murojaatlar bugun ertalabdan boshlab yangray boshladi. Kishilar toshqin tufayli tomda jon saqlayotgan oila aʼzolari, qarindoshlari haqida axborot berib, qutqaruvga muhtojliklarini yozishmoqda. Birgina Xitoyosi shaharchasi aholisi 10 mingdan ortiq shunday xabar yoʻllagan. Jabrlanganlar orasida emizikli bolasi bor ayollar, yosh bolali oilalar ham koʻp.

Baxtsiz hodisa yuz bergan hududlardan jami 320 ming kishi koʻchirilishi eʼlon qilindi. Daryolar toshishi oqibatida sel va toshqin hosil boʻlayotgani toʻgʻrisida tez-tez xabarlar paydo boʻlmoqda. Aholi yashaydigan bir necha hududda suv koʻpriklarni oqizib ketgan.

Kumamoto hukumati yordam uchun oʻz-oʻzini muhofaza qilish xizmati kuchlariga murojaat qilgan. Mazkur xizmatning 10 mingdan ziyod harbiy xizmatchisi qutqaruv ishlariga jalb etildi. Meteorologlar prefekturaning bir qator tumanlarida sel natijasida yuqori xavf yuzaga kelganini eʼlon qilishdi. Bosh vazir Sindzo Abe shu munosabat bilan odamlarni evakuatsiyaga qilishga bor imkoniyat darajasida koʻmaklashish hamda aholini muntazam ravishda axborot bilan taʼminlab, xavfdan ogoh etib borish boʻyicha tegishli vazirliklarga koʻrsatma berdi.

Kumamoto prefekturasidagi daryolar toshib, avtomobil yoʻllarining ayrim qismlarida harakat toʻxtagani haqida maʼlumotlar bor. Hududa uch soat davomida 400 millimetr yogʻin yoqqan. Ayrim joylarda suv koʻp qavatli uylarning 2-qavatigacha koʻtarilgan. Qutqaruvchilar fuqarolarni vertolyotlar orqali tomlardan olib ketishyapti.

Yomgʻirlar tufayli Kagosima va Kumamoto prefekturalarining bir qator hududlarida eng yuqori, 5-darajali xavf holati eʼlon qilindi. Bu daraja mahalliy aholi uchun “Hayotingizni asrang!” degan signalni bildiradi. Meteorologik xizmat kishilarni misli koʻrilmagandarajada xavfli, hali umrlarida koʻrmagan yogʻingarchilik va toshqinlar boʻlishi mumkinligidan ogohlantirishyapti.

Hozirgacha mazkur baxtsiz tabiat hodisasi oqibatida bir kishi halok boʻlgani, 15 fuqaroning ahvoli ogʻirligi. Masalan, Kumamoto prefekturasida joylashgan qariyalar uyida 14 kishi hushsiz holda topilgan. Sunagi qoʻrgʻonida voqea joyidan qutqarib olingan ikki kishining birida oʻpka, ikkinchisida yurak faoliyatida uzilish roʻy bergan.

Sel va toshqinlar hammasi boʻlib 11 ta aholi punktini bosgan.

Internet materiallari asosida tayyorlandi.

2 858
Gʻayrat XONNAZAROV, OʻzA