O‘zA O`zbek

20.09.2020 Chop etish versiyasi

Xitoyda oʻqituvchi oʻquvchi qizni ayovsiz kaltaklab, oʻldirdi

Xitoyda oʻqituvchi oʻquvchi qizni ayovsiz kaltaklab, oʻldirdi

Xitoyning Sichuan provinsiyasidagi maktablardan birida matematika oʻqituvchisi qiz bola oʻquvchisini ikkita savoliga notoʻgʻri javob bergani uchun oʻlasi qilib urdi. 

Bu haqda “Oriental Daily” nashri jabrlanuvchining oilasiga tayanib xabar tarqatgan.

Voqea roʻy bergan kuni, yaʼni10-sentyabrda Xitoy umumtaʼlim maskanlarida “Oʻqituvchi kuni” nishonlangan. 10 yoshli qizaloq ustozlarini, jumladan, matematika oʻqituvchisini ham bayram munosabati bilan tabriklash maqsadida darsga gullar koʻtarib kelgan edi.

Matematika darsida oʻquvchi qiz ustozining 2 ta savoliga toʻgʻri javob bera olmagan. Oʻqituvchi esa jazolashning antiqa, shafqatsiz usulini qoʻllagan. Maʼlum boʻlishicha, u qizni tiz chukishga majburlab, quloqlaridan tortib, boshiga bir nech bor zarba bergan. 

Oʻquvchining shu sinfda oʻqiydigan egizagi tan olishicha, bechora bola jismoniy zoʻravonlikdan, hatto, boshini ham koʻtara olmagan. Sinfdoshlari uni qoʻltiqlab, joyiga oʻtkazishga majbur boʻlishgan.

Oradan, chamasi, uch soatlar oʻtgach, oʻqituvchi uyiga qoʻngʻiroq qilib, goʻshakni koʻtargan buvisiga qizni mazasi qochgani tufayli olib ketishlarini soʻragan. Keksa ayol maktabga kelib qarasa, tildan qolgan nabirasi koʻzini ham ocha olmagan. 

Bemorni oʻquv dargohidan toʻgʻri shifoxonaga olib ketishgan. Afsuski, koʻrsatilgan tibbiy yordam zoye ketib, qizaloq jon bergan.

Buvisining soʻzlariga qaraganda, qizgina shu oʻqituvchining darslariga qatnashishdan doim juda qoʻrqqan, chunki u muntazam ravishda oʻquvchilarga nisbatan jismoniy jazo choralarini qoʻllab kelgan.

3 019
O'zA