O‘zA O`zbek

12.09.2019 Chop etish versiyasi

Xitoy xalqaro hamjamiyatni Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga chaqirmoqda

Xitoy xalqaro hamjamiyatni Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiyalarni yumshatishga chaqirmoqda

Xitoy tashqi ishlar vazirligi BMT Xavfsizlik kengashini KXDRga nisbatan sanksiyalarni yumshatish imkoniyatlarini muhokama qilishga chaqirdi.

BMT Xavfsizlik kengashi Koreya yarim oroli masalasini muvofiqlashtirish bo‘yicha siyosiy jarayonni qo‘llab-quvvatlash uchun Shimoliy Koreyaga qarshi sanksiya rejimini yumshatish imkoniyatlarini muhokama qilishi lozim. Bu haqda bugun, 12 sentabr Malayziya tashqi ishlar vaziri Sayfuddin Abdulla bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Xitoy TIV rahbari, XXR Davlat kengashi a’zosi Van I bildirib o‘tgan. 

TASS Van Idan iqtibos keltirgan. “Biz ishonamizki, BMT Xavfsizlik kengashi tegishli muddatda tegishli rezolyusiyalarga muvofiq KXDRga nisbatan sanksiyalarni olib tashlash imkoniyatlarini muhokama qiladi. Sanksiyalarning olinishi Shimoliy Koreya fuqarolarining faravonligi va iqtisodiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni yumshatishga yordam beradi”, degan Xitoy TIV rahbari. 

Van Ining qo‘shimcha qilishicha, KXDRga qarshi sanksiyalarni yumshatish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish Koreya yarim oroli muammolarini siyosiy muvofiqlashtirishga yordam beradi. 

Eslatib o‘tamiz, dushanba kuni Koreya Markaziy telegraf agentligi KXDR tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari soy Son Xinning rasmiy bayonotini e’lon qildi. Bayonotda Pxenyan AQSh bilan Koreya yarim orolini yadroviy qurolsizlantirish bo‘yicha muzokaralarni sentabr oyining so‘nggiga qadar tiklashga umid bog‘layotgani ma’lum qilingan. AQSh prezidenti Donald Tramp ushbu bayonotga ijobiy munosabat bildirdi. 

850
O‘zA