O‘zA O`zbek

08.08.2018 13:43 Chop etish versiyasi

Xitoy qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlamoqchi


Xitoy hukumati qurg‘oqchilikdan aziyat chekayotgan Afg‘onistonga qariyb 4 ming tonna oziq-ovqat yordamini berishga qaror qildi, deya xabar beradi Afg‘on telegraf agentligi (AfTAG). 

Bu haqda seshanba kuni Xitoy elchisi Lyu Szinsun ma’lum qildi. 

Diplomatning aytishicha, Xitoy falokatdan zarar ko‘rgan afg‘onlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida yaqin orada bu yordamni ikki baravarga ko‘paytiradi. 

Xususan, Xitoy hukumati Afg‘oniston aholisini 3012 tonna guruch va 816 tonna un bilan ta’minlaydi. Elchi oziq-ovqat yordami Afg‘onistonning turli qismlariga, hukumat va Tolibon tomonidan nazorat qilinadigan joylarga etkazilishini va’da qildi. 

Eslatish kerakki, bu yil afg‘on aholisiga qurg‘oqchilik jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Hukumat ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda falokatdan zarar ko‘rgan 20 ta hududda 1,4 milliondan ortiq odam ko‘makka muhtoj. 

“Qurg‘oqchilikdan zarar ko‘rgan hududlarda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hajmi qisqardi. Bu hududlarning 1,4 milliondan ortiq aholisi favqulodda yordamga muhtoj. Yil oxirigacha ularning soni 3 millionga ko‘payadi”, dedi Xitoy elchisi bilan uchrashuvda Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Najib Fahim. 

O‘zA
1 923