O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

08.09.2018 11:52 Chop etish versiyasi

Xalqaro maqom anjumani xorijiy ommaviy axborot vositalari nigohida

Xalqaro maqom anjumani xorijiy ommaviy axborot vositalari nigohida

Yurtimizning navqiron goʻshasi – Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani davom etmoqda. Unda dunyoning turli davlatlaridan kelgan yuzlab qatnashchilar ishtirok etmoqda. Festival jarayoni, uning doirasida oʻtayotgan tadbir va anjumanlar tafsiloti yurtimiz ommaviy axborot vositalari bilan bir qatorda koʻplab xorij davlatlar axborot manbalarida ham keng yoritilayotir.

Jumladan, Rossiyaning “MIR 24” saytida “Oʻzbekistonda maqom sanʼati Xalqaro forumi ish boshladi” sarlavhali maqola eʼlon qilindi.

Vladimir Serouxov muallifligidagi maqolada maqom sanʼati, unga koʻrilgan tayyorgarlik, ishtirokchilar koʻlami va ijro yoʻnalishlari, shuningdek, musiqa bayrami taassurotlari bayon qilingan.

Muallif katta tantanaga mezbon Shahrisabzning soʻlim tabiati, uning qadimiy va koʻhna, boqiy va ulugʻvor tarixini oʻzida gavdalantirgan shahar manzaralari, iliq va dilga xush yoquvchi muhit, dasturxonlarga tortilgan oʻzbek milliy taomlari, oshpazlarning mehmondoʻstlik borasidagi oʻzaro bellashuvi sabab avjiga chiqqan mehmonnavozlik haqida toʻlqinlanib gapiradi.

Xalqaro maqom sanʼati anjumani shodiyonalari Turkiya nashrlarining ham kun mavzusiga aylanganini taʼkidlash oʻrinli. Xususan, kuni kecha “Yeni Şafak” gazetasida “Shahrisabzda Xalqaro maqom sanʼati anjumani boshlandi” sarlavhasi ostida maqola chop etildi.

Maqolada Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning anjuman doirasida ishtirokchilar oldida qilgan chiqishi, nutqi haqida soʻz boradi. Festivalning mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan oʻtkazilayotgani, uning oʻzbek milliy maqom sanʼatini keng miqyosda targʻib qilish, yosh avlodni mumtoz kuy-qoʻshiqlarga hurmat ruhida kamol toptirishda muhim ahamiyatga ega ekaniga urgʻu beriladi. Ushbu festival dunyoda mumtoz musiqa shaydolarini bir joyga jamlash orqali xalqlar oʻrtasidagi madaniy hamkorlikni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgani alohida taʼkidlanadi.

Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA