O‘zA O`zbek

20.05.2020 Chop etish versiyasi

Xabib Nurmagomedov dunyo reytingidagi eng yuqori oʻrinni saqlab qoldi, lekin u bundan shod emas

Xabib Nurmagomedov dunyo reytingidagi eng yuqori oʻrinni saqlab qoldi, lekin u bundan shod emas

Kecha ESPN vaznidan qatʼiy nazar eng kuchli MMA jangchilarining yangilangan reytingini eʼlon qildi.

Unga koʻra, yengil vazn toifasida UFC kamari sohibi Xabib Nurmagomedov reytingning birinchi pogʻonadagi oʻz oʻrnini saqlab qoldi. Undan keyingi oʻrinlarda Jon Jons va Genri Cexudo kelishmoqda. Kuchli beshlikni ogʻir vazn sportchilari — Stipe Miochich va Daniel Kormye yakunlab berishgan.

Bir qarashda quvonarli xabar. Lekin ayni paytda Xabibning koʻngliga bu sigʻarmidi. Negaki, mana bir necha kundirki uning otasi, ham ustozi Abdumanap Nurmagomedov koronavirus pandemiyasi bilan olishib kelmoqda. Kasalxonada komaga tushgan Abdumanap bir muncha vaqt oʻtib oʻziga kelgandi, biroq kecha yana xushini yoʻqotdi, mustaqil ravishda nafas ololmagani bois maxsus apparatga ulangan. 

Pandemiya bilan bogʻliq holati tobora yomonlashib borayotganiga chiday olmayotgan, yigirma nafardan ziyod yaqin qarindoshi reanimatsiyaga tushgani va ular orasida vafot etganlari ham borligini taʼkidlagan Xabib Dogʻiston xalqiga murojaat qilib, ularni uyda qolishga chorlar ekan, mamlakatda bu kasallik bilan bogʻliq holatlar juda qiyin oʻtayotganligi, shifoxonalar bemorlar bilan toʻlganligi, odamlar chora topa olmay hatto oʻlib ketayotganligi, sharoit oʻta ogʻir ekanligiga urgʻu berar ekan, xalqini ogʻir vaqtda birlashishga, haqiqiy chechen kuchini koʻrsatishga, birlasha olsa, bu ofatdan qutilishi mumkinligiga chaqirdi.

Chechenistonda pandemiya bilan bogʻliq holatni futbol boʻyicha “Anji” klubi prezidenti Osman Kadiyev ham quyidagicha izohlab berdi:

— Koronavirusdan Xabibdek dunyo tan olgan, moddiy jihatdan ancha baquvvat insonning otasini davolasha olmadi-yu, qolganlarni gapirmasa ham boʻladi. Yaqinda ayollar kurashi boʻyicha Rossiya terma jamoasi bosh murabbiyi Magomed Aliomarov koronavirusdan vafot edi. Bular bir umr sport bilan shugʻullangan baquvvat odamlar. Dogʻistonda qarindoshi koronavirus bilan ogʻrimagan birorta tanishim qolmadi, — dedi Kadiyev.

1 852
Oybek YUNUSOV, OʻzA