O‘zA O`zbek

12.09.2018 18:21 Chop etish versiyasi

Vladivostok Sharqiy iqtisodiy forumida Vladimir Putin, Si Szinpin, Sindzo Abe, Li Nak Yon va Xaltmaagiyn Battulga ishtirok etmoqda

Vladivostok Sharqiy iqtisodiy forumida Vladimir Putin, Si Szinpin, Sindzo Abe, Li Nak Yon va Xaltmaagiyn Battulga ishtirok etmoqda
Kuni kecha oʻz ishini boshlagan Vladivostok Sharqiy iqtisodiy forumida (VSHIF) dunyoning 60 davlatidan kelgan vakillar, minglab kompaniyalar rahbarlari yigʻildi. Xususan, yirik xalqaro tadbirda besh mamlakatning oliy darajadagi rahbarlari ham qatnashmoqda. Bular Rossiya, Moʻgʻuliston, Xitoy davlatlari rahbarlari Vladimir Putin, Xaltmaagiyn Battulga va Si Szinpin, Yaponiya, Janubiy Koreya bosh vazirlari Sindzo Abe hamda Li Nak Yon. Forumning yalpi majlislarida oliy martabali mehmonlar chiqish qilgan.

Rasmiy axborot vositalarining qayd etishicha, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin oʻz chiqishida Yaponiyaga tinchlik bitimini tuzishni taklif qilgan boʻlsa, XXR raisi Si Szinpin Xitoy va Rossiya munosabatlari har qachongidan ham yaxshiroq ekanini alohida taʼkidlagan. Koreya Respublikasi Bosh vaziri Li Nak Yon esa Seul Pxenyan bilan tinchlik yoʻlidan hech qachon voz kechmasligini maʼlum qilgan.

Forum 13 sentyabrga qadar davom etib, unda ishtirokchi davlatlar vakillarining iqtisodiyot, moliya, taʼlim, axborot texnologiyalari kabi oʻnlab soha va tarmoqlar boʻyicha biznes-muloqotlari oʻtkaziladi.

Maʼlumot oʻrnida, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin farmoni bilan taʼsis etilgan ushbu yirik xalqaro tadbir 2015 yildan buyon Vladivostok shahrida oʻtkazib kelinadi. Ekspertlar fikricha, ushbu forum Rossiyaning Uzoq Sharq hududini taraqqiy ettirish va Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar iqtisodiyotini integratsiyalashuvida muhim ahamiyat kasb etib, xalqaro siyosatning muhim tadbirlaridan biriga aylanib ulgurgan. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, VSHIF-2017 ishtirokchilari 6 ming 95 nafarni tashkil qilib, uning doirasida 217 ta investitsiyaviy shartnomalar imzolangan.

Malohat Husanova, OʻzA
2 483