O‘zA O`zbek

09.09.2019 Chop etish versiyasi

Vashington “Tolibon” bilan muzokaralarni to‘xtatdi

Vashington “Tolibon” bilan muzokaralarni to‘xtatdi

Vashington “Tolibon” radikal harakati bilan Afg‘onistonda tinchlikni muvofiqlashtirish bo‘yicha maslahatlashuvlarni to‘xtatdi. “Euronews”ning xabar berishicha, bu haqda AQSh davlat kotibi Maykl Pompeo ma’lum qilgan. 

Maykl Pompeo izohiga ko‘ra, Vashington muzokaralarni davom ettirishga umid bildirmoqda. “Buning qachon amalga oshishi “Tolibon”ga bog‘liq, ammo hozircha radikal harakat jiddiy mas’uliyatlarni zimmasiga olib, oldin erishilgan kelishuvlarni bajarishi lozim”, degan AQSh davlat kotibi.

AQSh rasmiy vakili tomonidan Amerika qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqish masalasiga ham oydinlik kiritilgan. Maykl Pompeoning qayd etishicha, mamlakat prezidenti Donald Tramp belgilagan maqsadlarga erishilmaguncha Amerika qo‘shinlari Afg‘onistonni tark etmaydi. 

Xabarda eslatilishicha, avvalroq tomonlar AQSh harbiylarini Afg‘onistondan olib chiqish muddati bo‘yicha kelishuvga erishgan bo‘lgan. Buning evaziga “Tolibon”ga mamlakat hududini AQSh va boshqa davlatlarga hujum qilishda foydalanmaslik sharti qo‘yilgan. Ammo, yaqinda Qobulda 12 kishi (qurbonlar orasida AQSh harbiysi ham bo‘lgan mazkur hodisaga javobgarlikni radikal harakat o‘z zimmasiga olgan)ning o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik harakati sababli Donald Tramp “Tolibon” vakillari bilan uchrashuvni bekor qildi. 

411
O‘zA