O‘zA O`zbek

28.03.2020 Chop etish versiyasi

Uxanda metro harakati tiklandi

Uxanda metro harakati tiklandi

Jahonga koronavirus oʻchogʻi sifatida tanilgan Xitoyning Uxan shahrida asta-sekin hayot jonlana boshladi. Xususan, aholiga metrodan foydalanishga ruxsat berildi. Bu haqda “RIA Novosti” mahalliy hukumat matbuot xizmati maʼlumotiga tayanib xabar tarqatgan.

Xubey provinsiyasidagi ushbu shahar koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan yanvar oyi oʻrtalarida tashqi dunyodan uzib qoʻyilgan edi.

Toʻgʻri, hozircha metropolitenning muayyan qismi, yaʼni 6 ta yoʻnalishida harakat qayta yoʻlga qoʻyildi. Rejaga muvofiq, poyezdlar ish kunlarida 6:00 dan 23:00 gacha, dam olish kunlari 6:30 dan 23:00 gacha yuradi.

Taʼkidlash joiz, metroga tushayotgan barcha yoʻlovchilar himoya niqobida boʻlishga majbur, kirish, chiqish va bir yoʻnalishdan boshqasiga oʻtishda shaxsiy “salomatlik kodi“ni skanerdan oʻtkazishlari lozim.

Uxan metropolitenida 9 yoʻnalish, 228 bekat mavjud. Qolgan yoʻnalishlar qachon ishga tushishi hozircha maʼlum emas.

Poyezdlar harakati 23-martdan boshlangan, faqat boʻsh vagonlar bilan. Bundan koʻzlangan maqsad barcha texnik tizimlar faoliyatini koʻrikdan oʻtkazib, koʻp kunlik majburiy tanaffus chogʻida yuzaga kelgan boʻlishi ehtimol kamchiliklarni tuzatib olish edi.

Tayyorgarlik ishlari oʻz vaqtida, muvaffaqiyatli yakuniga yetkazildi. Barcha yer osti tizimlari koʻngildagidek ishlayapti.

23-yanvardan buyon Uxanda har qanday jamoat transporti vositalari, jumladan metro, avtobuslar, paromlar harakati butunlay toʻxtatilgan edi. Shaharga chetdan avtobuslar va kemalar qoʻyilmayapti, aeroport va temir yoʻl vokzallari faoliyati muzlatilgan. Mahalliy aholiga shahardan maxsus ruxsatsiz chiqish mumkin emas, kirish uchun ham xuddi shunday tamoyil amalda. Qolaversa,shahar boʻylab harakatlanish rejimi qatʼiy chegaralangan.

Provinsiya hukumatidan bildirilishicha, shahardagi karantin holati 8-apreldan bekor qilinishi rejalashtirilgan. Shunda ham Uxanliklar sogʻlom ekanliklarini, boshqalar salomatligiga xavf tugʻdirmasliklarini isbotlagan holdagina shahardan tashqariga chiqishlari mumkin.

1 306
OʻzA