O‘zA O`zbek

05.06.2020 Chop etish versiyasi

Uxan shahri kasalxonalarida koronavirus bilan ogʻrigan bemor qolmadi

Uxan shahri kasalxonalarida koronavirus bilan ogʻrigan bemor qolmadi

Koronavirusning eng birinchi oʻchogʻi sifatida dunyoga tanilgan Uxan shahri kasalxonalarida COVID-19 infeksiyasidan davolangan oxirgi uch bemorga ham javob berildi, deyiladi Sogʻliqni saqlash masalalari boʻyicha shahar qoʻmitasi tarqatgan xabarda.

Uchinchi iyunda oxirgi uch bemorda ham test natijalari boʻyicha COVID-19 infeksiyasi topilmadi. Ularning tana harorati joyida, simptomlar gʻoyib boʻlgan. Shifokorlar ularga uyiga ketishga ruxsat berishdi.

“Shunday qilib, Uxan shahri kasalxonalarida koronavirus infeksiyasi bilan xastalangan birorta ham bemor qolmadi”, - deyiladi xabarda.

Bundan tashqari, 1-iyun holatida oʻrtacha xavf hududi hisoblangan Dunsixu tumanida 14 kun davomida birorta ham kasal aniqlanmadi. Shu bois 2-iyundan boshlab epidemiologiya tahdidi darajasi oʻrtachadan ham pastga tushirildi.

Endi Uxan shahrining barcha tumanlari koronavirus tahdididan qariyb holi hisoblanadi.

Xitoy hukumati ushbu shahardan 8-apreldan boshlab transport zanjirini butunlay olib tashladi va odamlarga shahardan chiqishga ruxsat berdi. Ular koronavirus tarqalgani bois 76 kun davomida tashqi dunyodan uzib qoʻyilgan edi.

Epidemiya davrida Uxanda 50 ming kishi koronavirusga chalingani aniqlangan, 3 ming 869 kishi ofat qurboniga aylandi.

2 214
OʻzA