O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

Uchquduqda zamonaviy uylar quriladi

Uchquduqda zamonaviy uylar quriladi

Ukrainaning Odessa viloyati Yujniy shahrida joriy yilning 27-28 sentabr kunlari birinchi Xalqaro biznes forum bo‘lib o‘tgan edi.

Anjumanda O‘zbekiston Respublikasidan vakil sifatida Navoiy viloyati Uchquduq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Farrux Bafoev ishtirok etdi. U biznes forum davomida Uchquduq tumanida xorijiy investorlar va ularning kapitali uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar, mavjud yer osti va yer usti boyliklari to‘g‘risida taqdimot qilib, soliq va bojxona imtiyozlari va afzalliklari xususida ma’lumot berdi.

Uchquduq tumanining ijtimoiy-iqtisodiy salohiyati, tumanda mavjud yer osti qazilma boyliklari aks ettirilgan videorolik namoyish etildi.

O‘zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Sanjar Qosimov, Uchquduq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari F.Bafoev hamda forum davomida boshqa davlatlardan kelgan tadbirkorlik sub’ektlari bilan “B2B” tarzida muzokaralar o‘tkazildi va bir qator kelishuvlarga erishildi.

Polshalik investor “LIETPOL S.A” kompaniyasi rahbari D.Marius tomonidan 2020 yilda Uchquduq shahrida qiymati 2 million dollar bo‘lgan qo‘p qavatli uylarni barpo etish loyihasi bo‘yicha kelishib olindi.

Xitoyning Pandjou shahri meri o‘rinbosari Li Yeng Sheng bilan Uchquduq va Pandjou shaharlari birodarlashgan shaharlar kelishuv bitimini tuzish hamda ikki davlat o‘rtasida bir smenada 100 nafar fuqaro bandligini ta’minlaydigan, loyiha qiymati 1 million dollar bo‘lgan qishki kiyimlar ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ukrainalik investor “Yujniysentrekotur” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari V.Klivnik tomonidan Buyuk Ipak Yo‘li turistik liniyasini tashkil etish hamda Uchquduq, Tomdi, Zarafshon hududlarida turistik markazlarni ochish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shuningdek, Ukrainaning “Agrotech” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari V.Atansovning tumanda tuyachilik faoliyati bilan shug‘ullanadigan Jaynarbek, Nurimbet Sari, “Baraka Servis Uchquduq” fermer xo‘jaliklariga 15 ming dollarlik tuya sutini qayta ishlash texnologiyasini o‘rnatish loyihasi ma’qullandi.

Ma’lumot o‘rnida, Ukrainaning Xarkov shahridagi Wisdom ABS korxonasi rahbari V.Firsanov Navoiy viloyati hududlariga “Aqlli shahar”, “Aqlli ko‘cha” innovatsion loyihasini tatbiq qilish bo‘yicha kelishuv amalga oshirilgan edi. Joriy yilning 7-9 oktabr kunlari loyiha tashabbuskorlari Navoiy viloyatiga tashrif buyurib, muzokaralar olib bordi.

3 767
Nuriddin RAHIMOV, O‘zA