O‘zA O`zbek

10.10.2019 Chop etish versiyasi

Turkiyaning Suriyada boshlagan harbiy amaliyotlari qoralanmoqda

Turkiyaning Suriyada boshlagan harbiy amaliyotlari qoralanmoqda

Yaponiya hukumati Suriyada Turkiya tomonidan boshlangan yangi harbiy amaliyot mintaqadagi ziddiyatni kuchaytiradi, deb hisoblamoqda. Bu haqda Yaponiya Vazirlar Mahkamasi bosh kotibi Yosixide Suga bugun, Tokioda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgan. 

“Harbiy ziddiyatning yangi to‘lqini Suriya inqirozini hal qilishni murakkablashtiradi va gumanitar vaziyat yanada yomonlashuviga olib keladi. Suriya inqirozini harbiy yo‘l bilan hal qilib bo‘lmaydi“, degan u. 

Kanada rasmiylari ham Turkiya tomonidan Suriyada boshlangan harbiy amaliyotni qoralagan. Bu haqda Kanada TIV rahbari Xristya Friland Twitterda yozgan. 

“Kanada Turkiyaning Suriyaga bostirib kirishini keskin qoralaydi“, degan u. “Anqaraning ushbu bir tomonlama harakatlari mintaqada barqarorlik buzilishiga olib kelib, natijada gumanitar vaziyat yomonlashadi va xalqaro koalitsiyaning “Islom davlati”ga qarshi erishgan natijalari yo‘qqa chiqadi” 

Friland, shuningdek, Turkiyani tinch aholini himoya qilishga va xalqaro qonunlarni hurmat qilishga, jumladan, insonparvarlik yordamiga muhtoj bo‘lganlarning to‘siqsiz kirishini ta’minlashga chaqirgan. 

Eslatib o‘tamiz, 9 oktabr kuni Anqara Suriyaning shimolida “Tinchlik manbai“ deb nomlangan yangi harbiy amaliyot boshlanganini e’lon qildi. Suriya davlat agentligi - SANA bu amaliyotni tajovuz deb atadi. 

366
Malohat HUSANOVA, O‘zA