O‘zA O`zbek

01.02.2019 Chop etish versiyasi

“Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasi tizimidagi samolyotlar soni 500 taga yetkaziladi

“Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasi tizimidagi samolyotlar soni 500 taga yetkaziladi

Dunyoning yetakchi aviakompaniyasi –“Turk havo yoʻllari” (“Turkish Airlines”) Istanbul shahrida joylashgan. Kompaniya muntazam ravishda Yevropa, Osiyo, Amerika, Avstraliya, Afrika qitʼalaridagi 220 ta xorijiy hamda 42 ta mahalliy aeroportlarga reyslar parvozini amalga oshiradi. Hozirda aviakompaniya tizimida dunyoning 120 davlati boʻylab 322 ta samolyotlar xizmati tashkil etilgan. 
Istanbuldagi Otaturk xalqaro aeroporti aviakompaniyaning markaziy boshqaruv qarorgohi boʻlib, Esonbugʻa, Anqara hamda Sabixi Gyokchen xalqaro aeroportlari aviakompaniyaning ikkinchi darajali tarmoqlari hisoblanadi.

Aviakompaniya 1933 yil Davlat aviatsiya boshqarmasi sifatida tashkil etilgan. Kompaniyaning ilk reyslari Istanbul, Eskishehir va Anqara shaharlari orasida amalga oshirilgan. Ilk muntazam xalqaro reyslar esa 1947 yil Afina shahriga yoʻlga qoʻyilgan. 
Kompaniya tarkibida amalga oshirilgan qayta tashkiliy ishlar natijasida 1956 yil aviakompaniya aralash korporatsiyaga oʻzgartirilib, “Türk Hava Yolları” nomini oldi. 
Aviakompaniya faoliyatini yetuk, tajribali kadrlar bilan taʼminlash maqsadida 2006 yilda “Turk havo yoʻllari” avia akademiyasi tashkil etildi. Otaturk nomidagi xalqaro aeroport hududida joylashgan taʼlim muassasasi oʻquv kurslari aviakompaniya tarmogʻidagi aeroportlar tizimida olib boriladi.

Faoliyati davomida “Turk havo yoʻllari” aviakompaniyasi “Yevropaning eng yaxshi aviakompaniyasi”, “Janubiy Yevropaning eng yaxshi aviakompaniyasi”, “Ekonom klassdagi eng yaxshi aviakompaniya” va dunyoning boshqa qator oliy darajadagi mukofotlarga sazovor boʻlgan.

Aviakompaniya 2014 yilda erishgan “Yevropaning eng yaxshi aviakompaniyasi“ maqomini 6 yil mobaynida saqlab kelgan. Hozirda “Turk havo yoʻllari” dunyoning yetakchi uch aviakompaniyalarining biri hisoblanadi.

Kompaniya xizmatidan foydalanuvchilar soni ortgani sayin, tizim faoliyati yildan-yilga kengayib bormoqda. 2023 yilga qadar kompaniya xizmatidagi havo kemalari soni 500 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.

1 391
Zuhra Mirzaboyeva, OʻzA