O‘zA O`zbek

23.07.2020 Chop etish versiyasi

Tramp jinoyatchilik avj olgan shaharlarga qoʻshimcha kuchlarni joʻnatishga qaror qildi

Tramp jinoyatchilik avj olgan shaharlarga qoʻshimcha kuchlarni joʻnatishga qaror qildi

AQSH prezidenti Donald Tramp jinoyatchilik avj olgan Chikago va mamlakatning boshqa shaharlariga joʻnatiladigan federal kuchlari sonini yana oshirishi haqida eʼlon qildi.

“Soʻnggi haftada politsiya departamentlarini moliyalashtirishni toʻxtatish va ularni tarqatib yuborishni talab qilib chiqayotgan soʻl harakatlar jonlanib qoldi. Notoʻgʻri qarashlarga ega boʻlgan siyosatchilar politsiyachilarga qarshi yurushlarga qoʻshildi”, - dedi Tramp Oq uyda soʻzga chiqib.

Uning aytishicha, bunday harakatlar tinch aholi vakillarini oʻldirish, oʻqotar quroldan yarador qilish kabi jinoyatlarning keskin oshib ketishiga sabab boʻlmoqda.

“Bu qon toʻkishlar toʻxtatilishi kerak va u albatta toʻxtatiladi. Bugun men federal huquqni taʼminlovchi kuchlar xodimlari sonini keskin oshirishga qaror qildim. Ular jinoyatchilik avj olgan munitsipalitetlarda tartib oʻrnatishda huquq himoyachilariga yordam beradi”, - dedi prezident. U shuningdek, aybdorlarni javobgarlikka tortishga vaʼda berdi.

“Bizning vaziyatga aralashishdan boshqa ilojimiz yoʻq”, - deya xulosa qildi Tramp.

Shu bilan birga, davlat rahbarining eslatishicha, jinoyatchilikka qarshi kurash “mahalliy saylovlarda saylangan rahbarlar” vakolatiga kiradi, ular bu ishni qilmasa «fojia yuz beradi".

Oʻz navbatida, AQSH bosh prokurori Uilyam Barrning maʼlum qilishicha, Kanzas-Sitiga 200 dan ziyod xodim joʻnatilgan, Xuddi shuncha xodim Chikagoga ham yoʻl olgan. Bundan avvalroq chegarani qoʻriqlash kuchlari xodimlari tartibsizliklarga qarshi kurashish uchun Portlend va Oregon shtatlariga joʻnatilgan edi.

Joriy yilda AQSHning qator yirik shaharlarida ogʻir jinoyatchilik keng tus olgani qayd etildi (40 foizdan koʻpga). Hukumat koʻp joylardagi tartibsizliklarni pandemiya keltirib chiqargan inqiroz bilan bogʻlashmoqda.

Chikagoda roʻy bergan soʻnggi otishmada 15 kishi jarohat olgan. Shahar politsiyasi rahbari Devid Braunning maʼlum qilishicha, ushbu voqeaga mahalliy jinoiy guruhlar oʻrtasida qurolli toʻqnashuv sababchi boʻlgan. Uning aytishicha, Chikagoda taxminan 55 ta yirik bandaning 117 mingta aʼzosi harakat qiladi. Har kuni shaharda turli jinoiy guruhlar oʻrtasidan yuzdan ortiq toʻqnashuvlar yuz beradi.

1 579
OʻzA