O‘zA O`zbek

15.03.2019 17:44 Chop etish versiyasi

Toshkentda «KazakhExport» ofisi ochildi

Toshkentda «KazakhExport» ofisi ochildi

Qozog‘istonning «KazakhExport eksport-sug‘urta kompaniyasi» aksionerlik jamiyati O‘zbekiston bozoridagi o‘rnini kengaytirmoqda – 14 mart kuni Toshkentda uning vakolatxonasi ochildi. Bu haqda «Kazinform» xalqaro axborot agentligi xabar berdi.

Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston poxtaxtidagi mazkur ofis o‘z mazmun-mohiyati va maqsadlari bilan qanchalik ahamiyatli bo‘lsa, uning ilk bor tashkil qilinayotgan Markaziy Osiyo iqtisodiy forumi arafasida ochilganida shunchalik chuqur ramziy ma’no bor.

Ma’lumki, ayni paytda Toshkentda Bosh vazir o‘rinbosarlari darajasida dastlabki shunday anjuman bo‘lib o‘tmoqda. Unda sarmoyaviy sohadagi hamkorlik, mintaqalararo savdo-sotiqni rag‘batlantirish, turistik jozibadorlikni oshirish, transport va tranzit salohiyatini yuksaltirish kabi dolzarb masalalar muhokama qilinyapti.

«KazakhExport» ofisining faoliyati asosan Qozog‘iston eksportchilarini sug‘urta sohasida qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Hozirgi kunda kompaniya dastagi bilan qo‘shni o‘lka ishbilarmonlari yurtimizga oziq-ovqat, go‘sht va qandolat mahsulotlari, qurilish materiallari va boshqa tovarlarni yetkazib bermoqda. Yangi vakolatxona O‘zbekistonga Qozog‘iston eksportini diversifikatsiya qilish, mahsulot va xizmatlar turini ko‘paytirish, hajmini oshirishga xizmat qiladi.

«KazakhExport» kompaniyasi bilan hamkorlikning yana bir muhim jihati shuki, ikki tomonlama savdo qatnashchilari bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalarining eksport-import operatsiyalarini moliyalashtirishga banklarni jalb etish imkoniyatlari kengayadi. Kompaniya boshqaruvi raisi Ruslan Iskakovning aytishicha, «KazakhExport» ofisi ochilishi doirasida “Aloqabank” va “Qishloqqurilishbank” bilan hamkorlik to‘g‘risida bitimlar imzolangan.

Tomonlar noxomashyo tovarlar eksportini ko‘paytirish, iqtisodiyotning ustuvor sohalarida xizmat ko‘rsatish hajmini oshirish masalalariga alohida e’tibor berishga kelishib olgani ham muhim ahamiyatga ega. Bu eksport-import operatsiyalari qatnashchilari bo‘lgan O‘zbekiston va Qozog‘iston kompaniyalari an’anaviy savdo mahsulotlari bilan cheklanmasdan, yuqori qo‘shimcha qiymatli tovarlar yetkazib berishga, texnik va texnologik tajriba almashish orqali bir-biriga malakali xizmat ko‘rsatishga intilayotganidan dalolatdir.

Muzayyana Mashrabxon

O‘zA
765