O‘zA O`zbek

10.10.2018 Chop etish versiyasi

Toshkent shahrida “Aspara Fashion Week” xalqaro moda haftaligi oʻtkaziladi

Toshkent shahrida “Aspara Fashion Week” xalqaro moda haftaligi oʻtkaziladi

Xotin-qizlar qoʻmitasi boshchiligidagi delegatsiya Qozogʻistonning Taraz shahrida oʻtkazilgan “Aspara Fashion Week” xalqaro moda haftaligida ishtirok etdi. Bu haqda Xotin-qizlar qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mazkur tashrif Qoʻmita hamda Qozogʻiston Respublikasining Ayollar va oilaviy demografiya siyosati milliy komissiyasi oʻrtasida imzolangan anglashuv Memorandumida belgilangan vazifalarning ijrosini taʼminlash doirasida amalga oshirildi.

Moda haftaligida oʻzbekistonlik dizaynerlarning milliy liboslar namoyishi AQSH, Italiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Serbiya, Rossiya, Hindiston, Gruziya, Xitoy, Gollandiya va boshqa davlatlardan tashrif buyurgan mashhur dizaynerlar tomonidan qiziqish bilan kutib olindi.

Tashrif doirasida Xotin-qizlar qoʻmitasi va Qozogʻistonning “ATAMЕKЕN“ tadbirkorlar palatasi hududiy boʻlimi va “Qozogʻiston tadbirkor ayollar assotsiatsiyasi“ Respublika nodavlat jamoat tashkiloti rahbarlari bilan davra suhbati tashkil etildi.

Xotin-qizlar qoʻmitasi va Ayollar va oilaviy demografiya siyosati milliy komissiyasi oʻrtasidagi anglashuv memorandumi doirasida qoʻmita taʼsischiligida tashkil etilgan “Nafis Travel” MCHJ bilan Qozogʻiston Respublikasi Jambil viloyati “Ichki va tashqi turizm assotsiatsiyasi” hamda “Jambil Turizm sanoati assotsiatsiyasi” oʻrtasida hamkorlik memorandumlari imzolandi.

“Aspara Fashion Week” xalqaro moda haftaligini 2019 yilda Toshkent shahrida oʻtkazishga kelishib olindi.

3 780
OʻzA