O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Tokioda qor yogʻibdi

Tokioda qor yogʻibdi

Yaponiya poytaxtida bugun ertalabdan kuchli qor yogʻa boshlagan. Havo harorati Selsiy shkalasi boʻyicha +1 darajani tashkil etdi. Milliy meteorologiya boshqarmasi maʼlumotiga koʻra, mart oyi oxirlarida qor tushishi Tokioda soʻnggi bor 10 yil oldin kuzatilgan.

Oq par toʻxtab turgan avtomashinalar ustini, daraxtlarni va yoʻl chetlarini yengil qoplagan. Yogʻingarchilik natijasi gullayotgan sakura barglari toʻkilib, kichik uyumlar hosil qilgan. Koʻchalarda qor nam bilan qoʻshilib, gʻarchillama holatni yuzaga keltirgan, mashinalar karvoni ehtiyotkorlik bilan harakatlanyapti.

Kuni kecha, shanba kuniyam poytaxtda iliq havo hukmron edi, tushda harorat 23 darajagacha koʻtarilgandi. Yakshanbada esa sinoptiklar maʼlumotiga koʻra,Tokioning markaziy tumanlarida yer sathi 5 smgacha qoplanishi mumkin. Nagano va Gumma prefekturalarida, shuningdek poytaxtga yondosh bir qator togʻli tumanlarda qor qalinligi 20 smgacha yetishi taxmin qilinmoqda.

Davomli qor tufayli yuz bergan iqlim oʻzgarishi sabab, Yaponiya aviakompaniyalari 20 ga yaqin ichki reyslarni bekor qildi. Masalan, jadvaldagi oʻzgarishlar Tokio va mamlakatning Fukuoka, Sapporo singari bir qator yirik shaharlari oʻrtasidagi muntazam qatnovlarga ham taʼsir oʻtkazdi. Yaponiya hukumati avtomobil egalarini diqqatni kuchaytirishga, iloji boʻlsa, mashina bilan koʻchaga chiqmaslikka chaqirmoqda.

photo_2020-03-29_16-23-29.jpg

photo_2020-03-29_16-23-31.jpg

photo_2020-03-29_16-23-32.jpg

1 029
OʻzA