Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

28.08.2018 15:45 Chop etish versiyasi

Tokioda haydovchisiz taksilar yoʻlovchi tashishga kirishdi

Tokioda haydovchisiz taksilar yoʻlovchi tashishga kirishdi
“Hinomaru Kotsu” taksi kompaniyasi ZMP firmasi bilan hamkorlikda sinov tariqasida yoʻlovchilarni haydovchisiz avtomobillarda tashish xizmatini yoʻlga qoʻydi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasidagi maʻlumotlarga asoslanib TASS xabar bermoqda.

Taksilar Tokioning Otemati va Roppongi massivlari boʻylab 5,3 kilometr masofada harakatlanmoqda. Sinov 8-sentyabrga qadar davom etadi.

Yoʻlda harakatlanayotgan mashinaning avtomatik tarzda boshqarilishi turli burilishlar, avtomobillar oraliq masofasini saqlash va boshqa texnik jihatlarni koʻzda tutadi. Sinov davrida avtoulovning harakatlanishi davomida haydovchi ham ishtirok etib, favqulodda vaziyatlar sodir boʻlishi xavfi tugʻilganda mashina qoʻl boshqaruviga oʻtkaziladi.

Ilk tajriba-sinovda ishtirok etuvchi yoʻlovchilar iyul oyidanoq saralab olingan. Yoʻl kira haqi 1500 iyena (taxminan 14 AQSH dollar).

Kompaniya vakillarining taʻkidlashicha, ushbu tadqiqot asosan boshqaruvdagi kamchiliklarni aniqlash va bartaraf etishga qaratilgan. Loyiha muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, 2020-yili Tokioda oʻtadigan Olimpiada oʻyinlari arafasida amaliyotga joriy etilishi kutilmoqda.

Oʻtgan yili Yaponiya hukumati haydovchisiz boshqariladigan texnologiyalarni rivojlantirish va atrof-muhitga zarar keltirmaydigan yangi avlod avtomobillarini yaratish maqsadida 2,85 trillion iyena (taxminan 25 milliard AQSH dollari) ajratgan edi. Hukumat, 2030 yilga kelib Yaponiya koʻchalaridagi harakatlanuvchi har beshinchi avtomobil haydovchisiz avtomobil boʻlishiga umid qilmoqda.

Dilobar Mamatova, OʻzA
1 297