O‘zA O`zbek

05.06.2020 Chop etish versiyasi

Tojikistonlik farmatsevt “Anticovid-19” preparatini yaratdi

Tojikistonlik farmatsevt “Anticovid-19” preparatini yaratdi

Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida roʻyxatdan oʻtgan “Avitsenna” MCHJ rahbari Saidvali Hikmatov koronavirusni davolash va profilaktika qilishga moʻljallangan balzam, moy va antiseptik eritma ishlab chiqara boshladi. U oʻzining yangi dorilari toʻplamini “Antikovid-19” deb atadi.

Ixtiro muallifining aytishicha, ushbu vositalar “COVID-19” kasalligiga chalingan bemorlar ahvolini yengillashtiradi, virus tarqalishining oldini oladi. Dori vositasi bor-yoʻgʻi 20 somoniy (taxminan 20 ming soʻm) turadi.

Saidvali Hikmatov Ramazon oyida “Antikovid - 19” preparatini Xoʻjand, Panjikent, Tursunzoda va Matchadagi klinikalarda yotgan bemorlarga, shuningdek “Istiqlol” bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasi hamda Dushanbe shahri Zarafshon mitti tumanidagi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga bepul tarqatgan.

“Men taqdim etgan vositalardan foydalanganlar qoʻngʻiroq qilib, minnatdorlik bildirishdi. Aytishlaricha, dorilar bemorlarni davolashda yordam bergan. Hech qanday shikoyatlar boʻlmadi”, - deydi Hikmatov.

Mutaxassisning soʻzlariga qaraganda, “Antikovid-19” yaqin vaqtlardan boshlab ommaviy ravishda ishlab chiqarish maqsadida yaratildi. Moy, balzam va sprey tarkibida 100 dan ziyod modda, 50 ga yaqin toʻqimalarning tabiiy biosintezi uchun moʻljallangan aralashmalar, jumladan, fermentlar, polisaxaridlar, yogʻli kislotalar, lipazlar, R va C polivitaminlari, efir yogʻlari mavjud.

Farmatsevt, shuningdek, “Antikovid-19” antiseptik suyuqligi yana bir ustun jihat – organizmning muhofaza kuchini oshiradigan immunomodullash xossasiga ham ega ekanini taʼkidlagan.

“Magniy yurak-qon tomirlari tizimi, oʻpka, miya, asab tizimi va muskullar ish faoliyatini yaxshilaydi. Temir qon yaxshi aylanishiga yordam beradi, mis hujayralarda modda almashinuvi jarayonini yaxshilashda juda muhim, marganes oshqozon osti bezi vazifasini yengillashtiradi, selen saratonni davolaydi. 

V guruhi darmondorilari jigar va asab tizimi toʻgʻri ishlashini taʼminlaydi. Shuning uchun ham bizning mahsulotimiz nafaqat xastalikni davolashda, balki profilaktika qilishda ham foydalidir”, - deya qoʻshimcha qiladi Saidvali Hikmatov.

2 241
OʻzA