O‘zA O`zbek

13.04.2020 Chop etish versiyasi

Tojikistonda karantinda ishlayotgan shifokor jon berdi

Tojikistonda karantinda ishlayotgan shifokor jon berdi

Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligi Xatlon viloyatida bir tibbiyot xodimining koronavirusdan vafot etgani bilan bogʻliq mish-mishlarni rad etdi. Bundan avvalroq Boxtardagi kasalxonada joriy etilgan karantin tartibi yana bir hafta — 14 kundan 21 kungacha uzaytirilgandi.

Xorijdan keltirilgan tojikistonliklar karantinga joylashtirilgan ushbu viloyat klinik shifoxonasida bir tibbiy xodim 12-aprel kuni vafot etgan. Rasmiy xabarda koʻngilsiz voqea sil kasalligi oqibatida yuz bergani aytilmoqda.

Boxtar shahridagi Boʻri Vohidov nomli klinik shifoxona xodimasi 58 yoshli Oyshamoh Alimova 12-aprel kuni soat 21:30da jon bergan. Alimova shu kasalxonaning aynan chet ellardan kelgan Tojikiston fuqarolari karantinga olingan boʻlimida ishlagan.

“Oʻlim holatining sababi – infiltrativ sil va yurak-qon tomirlari tizimidagi yetishmovchiliklar”, — deyiladi vazirlik xabarida.

Ayni payt Tojikiston Sogʻliqni saqlash vazirligi barcha fuqarolarni yangi koronavirus infeksiyasi bilan bogʻliq hech qanday asoslanmagan xabar va mish-mishlarga ishonmaslikka, faqat rasmiy maʼlumotlarga tayanishga chaqirgan.

“Agar mamlakatda koronavirus qayd etiladigan boʻlsa, Tojikiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash va ijtimoiy muhofaza vazirligi buni darhol tasdiqlaydi va eʼlon qiladi. Zero, ushbu kasallikni yashirish va maʼlum qilmaslikdan bugungi kunda hech bir davlat manfaatdor emas”, — deyiladi rasmiy xabarda.

1 615
OʻzA