O‘zA O`zbek

08.07.2019 Chop etish versiyasi

Tojikistonda 14 nafar mahbus nondan zaharlanib vafot etdi

Tojikistonda 14 nafar mahbus nondan zaharlanib vafot etdi

So‘g‘d viloyatidagi jazoni ijro etish muassasasida 14 nafar mahbus zaharlanishdan vafot etdi. Favqulodda hodisa 7 iyul kuni kechqurun 128 nafardan iborat (ular orasida 8 nafar ayol ham bor) guruhni Dushanbe, Nurek va Yavandagi koloniyalariga jo‘natish vaqtida yuz berdi.

Tojikiston Adliya vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasining xabar qilishicha, mahbuslar non iste’mol qilganlaridan so‘ng o‘zlarini yomon his qilishgan. Hodisa Varzob tumanida yuz berdi, u yerda mahbuslardan biri uchta buxanka nonni 16 nafar mahbusga tarqatgan. “Oradan yarim soat o‘tib barchasi qayd qilgan, shundan so‘ng ularning boshi aylanib qusa boshlagan”, deyiladi Jazoni ijro etish Bosh boshqarmasi xabarida. Dushanbega yetib kelishlari bilan 16 nafar mahbusning hammasi hushini yo‘qotgan. Shifokorlar faqat ikki nafarining hayotini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Tojikiston Bosh prokuraturasining ma’lum qilishicha, mahbuslarning zaharlanishi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi, tergov ishlari boshlab yuborilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, mahsulot issiq ob-havoda saqlash rejimiga rioya qilinmagan holda tayyorlangani bois non toksik zamburug‘ bilan zaharlangan bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning kuz oylaridan boshlab Tojikistonning ikkita jazoni ijro etish muassasasida isyon yuz berdi, buning natijasida ko‘plab mahbuslar vafot etgan.

653
O‘zA