O‘zA O`zbek

12.02.2019 Chop etish versiyasi

Tojikiston yuksak sayyohlik salohiyatiga ega mamlakat

Tojikiston yuksak sayyohlik salohiyatiga ega mamlakat

Tojikiston – yuksak choʻqqilar, joʻshqin va serjilva daryolar, goʻzal va betakror koʻllar, muzliklar, noyob oʻsimlik va hayvonot dunyosiga ega mamlakat. Tojikistonning aynan togʻli landshafti ushbu mamlakat tabiatining oʻziga xos va betakrorligi, rang-barang iqlimini belgilaydi. Vaxsh vodiysining jazirama issigʻida toblangach, bir yarim soatlik parvozdan soʻng Pomirning abadiy muzliklari vohasida salqinlashingiz mumkin. 

photo5409007926716246504.jpg

Mamlakat hududining 93 foizi Pomir, Hisor-Oloy va Tyan-Shan togʻ tizmalaridan iborat. Tojikiston hududida dengiz sathidan 7495 metr balandlikkacha boʻlgan ulugʻvor Pomir togʻlari joylashgan. 

Bu yerda 7 ming metr balandlikda joylashgan Ismoil Somoniy va Yevgeniy Korjenevskiy togʻlarida alpinistlar yoʻlaklari, ovchilik xoʻjaliklari, tabiiy landshaftlar, gʻorlar va termal, sovuq, karbonad angidrid va chaqmoqtosh suv buloqlari bor. Tojikistonda har yili xalqaro alpinistlar ekspeditsiyalari tashkil qilinib, ularda turli mamlakatlar alpinistlari baland choʻqqilarga koʻtariladi. Barcha qitʼalardan kelgan sportchilar Pomirning eng baland qutbi – Ismoil Somoniy choʻqqisini zabt etishga intiladi. 

photo5409007926716246506.jpg

Mamlakatdagi baland togʻlar ichida Fon togʻlari sayyohlar va alpinistlar orasida ayniqsa mashhur. Ushbu togʻlarning toshli changalzorlarida, 2200 metr balandlikda shimoliy Tojikistonning eng yirik koʻli – Iskandarkoʻl joylashgan. Bu yerda sayyohlar yulduzlar va koʻl yuzasidan koʻtarilgan goʻzal tuman manzarasini kuzatishi mumkin. 

Tojikiston hududida qariyb 200 mineral suv buloqlari mavjud boʻlib, turizmning sanatoriy-kurort yoʻnalishi yaxshi rivojlangan. Ular orasida eng mashhurlari “Xoʻja Obi garm” kurorti, “Shaambar”, “Obi garm”, “Zumrad”, “Havotogʻ” sihatgohlaridir. Tojikiston sihatgoh va kurortlarida yurak qon-tomir, suyak-mushak tizimlari, nafas yoʻllari, oshqozon-ichak trakti, jigar va oʻt yoʻllari, ginekologiya va teri kasalliklarini davolash xizmatlari koʻrsatiladi. “ Garmchashma”, “Jilandi”, “ Shohdara” sihatgohlarining issiq buloqlarida ohak qatlamlari hosil boʻladi. Ayniqsa, Xorugʻ shahridan 35 kilometr uzoqlikda joylashgan “Garmchashma” bulogʻida ular oʻzgacha nafislik kasb etgan. Bu buloq dengiz sathidan 2325 metr balandlikda joylashgan boʻlib, oʻta oppoq travertinlari tufayli uzoqdan ham yaqqol koʻzga tashlanadi. 

photo5411281656632944960.jpg

Tarixiy-maʼrifiy sayyohlik yoʻnalishi boʻyicha Tojikistonga kelgan mehmonlarga 3000 dan ortiq oʻrin taklif etiladi. Sarazm Tojikistondagi jahon merosiga taalluqli qadimiy yodgorlik boʻlib, u miloddan avvalgi IV-II asrlarga oid ovuldir. 1600 yil avval loydan yasalgan dunyodagi eng yirik – 13 metrlik uyqudagi Zervan buddasi haykali milliy muzeyimizda saqlanadi. 

Hozirgi paytda Tojikistonda turizm sohasi jadal surʼatlar bilan rivojlanmoqda. 2018 yil mamlakatda Turizm yili shiori ostida oʻtdi. Tojikiston hukumati tomonidan 2030 yilga qadar turizmni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqilgan. 

photo5409007926716246503.jpg

Unda turizmning ustuvor yoʻnalishlari belgilab qoʻyilgan. Bular sanatoriya-kurort sharoitida davolanish va dam olish, alpinizm (ayniqsa Tojikistondagi eng baland choʻqqi, dunyodagi Everest choʻqqisidan keyin ikkinchi oʻrinda turadigan Ismoil Somoniy choʻqqisida alpinistlar oʻrtasida juda mashhur), togʻ-sport va ekologik, tarixiy-maʼrifiy va etnografik hamda ishbilarmonlik turizmi, rafting, togʻ-changʻi sporti, sayyohlik ovchiligi (bu ayniqsa togʻ echkisiga ov qilish boʻyicha juda mashhur). 

Soʻnggi yillarda aeroportlar, chegara-oʻtkazish punktlarida sayyohlarga xizmat koʻrsatish ancha yaxshilandi, vizalarni rasmiylashtirish va roʻyxatga olish tartibi soddalashtirilmoqda. 

Endi sayyohlik firmalari oʻz faoliyatining dastlabki besh yilida foyda soligʻidan ozod etiladi. Avialaynerlar, lokomotiv va zamonaviy vagonlar, shuningdek, sayyohlik obyektlari, jumladan mehmonxonalar, dam olish zonalari, kurortlar, pansionatlar, changʻi bazalari, restoranlar, madaniy-koʻngilochar bogʻlari, yoʻl boʻyi infratuzilmasi, sayyohlik markazlari qurilishi uchun zarur boʻlgan uskunalar, texnika va qurilish materiallarini import qilish soliq va bojxona toʻlovlaridan ozod etiladi. 

photo5411281656632944963.jpg

Mamlakatda sayyohlik kompaniyalarining soni tobora ortib bormoqda. 2018 yilda ularning soni 75 ta boʻlgan boʻlsa, hozirgi kunda 145 taga yetdi.

“Panchakent-Intur”, “Oriyent Adventur”, “Bomi Chaxon Tur” va yana yettita kompaniya ular orasidagi eng yiriklardandir.

2018 yilda Tojikistonga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,6 baravar oshgan. 2017 yilda qariyb yarim million nafar sayyoh mamlakatga tashrif buyurgan, 2018 yilda esa ularning soni million nafardan oshgan. 

Tojikistonning sayyohlik kompaniyalari “ITB-Berlin” (Germaniya), “Iturmarket” (Moskva, Rossiya), “Top Resa” (Parij, Fransiya) singari xalqaro hamda Yaponiya, Italiya, Qozogʻiston va boshqa mamlakatlarda oʻtkazilgan koʻrgazmalarda ishtirok etgan. Tojikistonning turizm salohiyati Kuala-Lumpur (Malayziya), Doxa (Qatar), Seul (Janubiy Koreya), Ar-Riyod (Saudiya Arabistoni), Olma-Ota va Toshkentda boʻlib oʻtgan sayyohlik festivallari, koʻrgazma va forumlarda namoyish etildi. 

photo5409007926716246505.jpg

Respublikada sayyohlar uchun ajoyib va qiziqarli maskanlar juda koʻp. Yetti tilda, jumladan, oʻzbek va rus tillarida www.traveltajikistan.tj milliy sayyohlik portali faoliyat yuritmoqda. Youtube, Facebook, Instagram va boshqa ijtimoiy tarmoqlardan ham jozibali sayyohlik turlarini topish mumkin. Mamlakatda koʻplab sayyohlik forumlari va koʻrgazmalar oʻtkazib turiladi. 

photo5409007926716246507 (1).jpg

Soʻnggi yillarda koʻplab xorijiy televizion kanallari togʻli mamlakatning diqqatga sazovor joylari va sayyohlik vohalariga qiziqish bildirmoqda. Masalan, 2018 yilda “NTV” telekanali Tojikistonning sayyohlik imkoniyatlari haqida qiziqarli koʻrsatuv tayyorladi. 

photo5411281656632944961.jpg

2018 yilda Pomir togʻlari yana bir bor dunyo ekoturizmidagi yuzta eng jozibador joylari roʻyxatiga kiritildi. Britaniyaning “Wanderlust” sayyohlik jurnali Tojikistonni turizm uchun eng jozibador boʻlgan mamlakatlar oʻntaligiga, “Globe Spots” ijtimoiy tarmogʻi esa sarguzashtli turizm uchun jozibador boʻlgan mamlakatlar oʻntaligiga kiritdi. Mashhur “National Geographic” jurnalining rus tilidagi talqini Pomir togʻidagi avtoyoʻlni dunyodagi eng chiroyli avtoyoʻllar oʻntaligiga kiritdi, “The Independent” gazetasi Dushanbe shahrini tungi vaqtda xavfsiz eng yaxshi oʻnta shahar roʻyxatiga kiritgan boʻlsa, Rossiyaning TurStat Agentligi MDH mamlakatlari sayyohlari uchun yoz va kuz oylarida eng jozibali shaharlar TOP oʻntaligiga kiritdi. 2018 yilda Dushanbe Butunjahon turistik shaharlar federatsiyasiga qabul qilindi. Mashhur “Financial Times” gazetasi Tojikistonni 8 mamlakat qatoriga kiritdi va oʻquvchilariga ushbu ajoyib mamlakatga tashrif buyurishni tavsiya qildi. 

Suhrob Abdullayev,
Tojikiston Respublikasi Hukumati
huzuridagi Turizmni rivojlantirish
qoʻmitasining Xalqaro boʻlimi bosh mutaxassisi

3 520
OʻzA