O‘zA O`zbek

14.10.2019 Chop etish versiyasi

Tojikiston rasmiylari mamlakat aholisining noto‘g‘ri ovqatlanishidan xavotirda

Tojikiston rasmiylari mamlakat aholisining noto‘g‘ri ovqatlanishidan xavotirda

Shifokorlar noto‘g‘ri va nosog‘lom ovqatlanish ortiqcha vazn va semirib ketishga, yurak-qon tomir kasalliklariga, arterial gipertoniya hamda qandli diabetga olib kelishidan ogohlantirmoqda.
O‘z navbatida, tojikistonliklar hukumatni mamlakat oziq-ovqat bozoriga sifatsiz mahsulotlar olib kirishda ayblamoqda.

Xot-dog, gamburger, shaurma va fast-fudning boshqa turlari Dushanbedagi tamaddixonalarda mashhur va arzondir. Qisqa fursatda ovqatlanish nuqtalari poytaxt va mamlakatning boshqa shaharlarida deyarli har qadamda uchraydi.

Yaqinda Tojikiston tibbiyot xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, mamlakat aholisining 17 foizi ortiqcha vaznga ega va 11 foizi semirishdan aziyat chekayotgani aniqlandi. O‘tkazilgan so‘rovga ko‘ra, mamlakatdagi o‘smirlarning 5 foizi ortiqcha vaznga ega ekan.

Tojikiston Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshidagi Ovqatlanish Respublika markazi direktori Hotambek Xayrovning so‘zlariga qaraganda, ortiqcha vazn muammosi shirinlik, go‘sht va tarkibida yog‘ bo‘lgan sut mahsulotlarini haddan tashqari ko‘p iste’mol qilish oqibatida kelib chiqadi.

“Muammoning yana bir sababi – tez tayyor bo‘ladigan taomlar iste’mol qilishdir. Bu taomlarga inson salomatligiga zarar yetkazuvchi sun’iy mahsulotlar qo‘shiladi“, deydi Xayrov.

Ovqatlanish ratsionini qayta ko‘rib chiqish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida Tojikiston hukumati “Semirish profilaktikasi va sog‘lom ovqatlanish bo‘yicha 2019-2024 yillarga mo‘ljallangan dastur“ qabul qildi.
Mamlakat Ovqatlanish Respublika markazi direktori Hotambek Xayrovning so‘zlariga ko‘ra, “agar aholining semirishi bilan bog‘liq muammo barqaror tendensiya kasb etsa, u holda sog‘liqni saqlash budjetining 6 foizga yaqini bu muammoni bartaraf etishga sarflanadi“. 

Tojikiston parlamenti deputati Saidjafar Usmonzoda tojik dehqonlari yuqori hosil olish maqsadida sog‘liq uchun zararli bo‘lgan va ta’qiqlangan o‘g‘itlarni ishlatayotganidan xavotirga tushganini aytgan. “Tochikstandart” agentligi qoidalariga ko‘ra, tekshiruvlar haqida tadbirkorlar avvaldan ogohlantiriladilar, shu sababli ham bu idora xodimlari qaysidir ob’ektga kelishidan avval barcha kamchiliklar bartaraf etiladi. Aslida tekshiruvlar kutilmaganda bo‘lishi kerak“, deydi deputat.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, har bir kishining kundalik ratsionning 50 foizi sabzavot va mevalardan iborat bo‘lishi kerak, jismoniy harakatlar uchun esa haftada kamida 150 daqiqa ajratilishi lozim.

1 767
O‘zA