O‘zA O`zbek

13.09.2019 Chop etish versiyasi

Suriyada urush nihoyasiga yetdimi?

Suriyada urush nihoyasiga yetdimi?

Suriyada vaziyat barqarorlashmoqda, respublika hududida faqat alohida tarang o‘choqlar saqlanib turibdi. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov “Trud” ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“Suriyada urush haqiqatdan nihoyasiga yetdi. Mamlakat asta-sekin normal va osoyishta hayotga qaytmoqda", degan S. Lavrov. Shu bilan birga, Rossiya tashqi ishlar vaziri Suriya hukumati tomonidan nazorat qilinmaydigan hududlarda, masalan, Idlibda va Furot daryosining sharqiy sohilida alohida taranglik o‘choqlari saqlanib qolganini ta’kidlagan. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, yuzaga kelgan sharoitda Suriyada va umuman Yaqin Sharq mintaqasida uzoq muddatli va ishonchli barqarorlikka erishish, shuningdek, Suriyaga har tomonlama gumanitar yordam ko‘rsatish uchun inqirozni hal qilishda siyosiy jarayonni ilgari surish vazifalari kun tartibiga chiqadi.

Lavrov konstitutsiyaviy islohotlar bo‘yicha qo‘mitani shakllantirish va ishga tushirish suriyaliklarning o‘zlari tomonidan BMT ko‘magida olib borilishi siyosiy jarayonni rivojlantirishda muhim qadam bo‘lishini ta’kidladi. Tashqi ishlar vazirining so‘zlariga ko‘ra, qo‘mitaning chaqirilishi hukumat va muxolifatga birinchi marta Suriyaning kelajagi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni boshlash imkonini beradi. 

Vazir o‘z intervyusida Suriyada muxolifat ham muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan. Lavrovning fikricha, muxolifat BMT Xavfsizlik Kengashining 2254-sonli rezolyusiyasiga muvofiq siyosiy yechim jarayoniga konstruktiv hissa qo‘shishi mumkin.

Lavrov Rossiya suveren, hududiy jihatdan birlashgan Suriyaning tiklanishiga, barcha suriyaliklarning o‘z vatanlariga qaytarilishi va mamlakatning o‘zi "arablar oilasi"ga aylanishi, shuningdek, kengayib borayotgan terrorizmning oqibatlarini tezda bartaraf etish tarafdori ekanligini ta’kidlagan. Rossiya TIV rahbariga ko‘ra, bu Yaqin Sharqda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning kaliti bo‘ladi. 

680
O‘zA