O‘zA O`zbek

03.07.2020 Chop etish versiyasi

Shimoliy Koreyada rasman koronavirus qayd etilmagan boʻlsada, aholi ogohlikni yoʻqotmayapti

Shimoliy Koreyada rasman koronavirus qayd etilmagan boʻlsada, aholi ogohlikni yoʻqotmayapti

KXDR rahbari Kim Chen In mamlakatdagi yetakchi Koreya mehnat partiyasi siyosiy byurosi saʼy-harakatlari tufayli koronavirus ushbu davlatga bostirib kira olmaganini eʼlon qildi. Mazkur bayonot KCNA (Korea Central News Agency) agentligi tomonidan tarqatildi.

“Biz sogʻliqni saqlash sohasida butun dunyoda inqiroz yuz bergan bir paytda xavfli virus tarqalishining oldini toʻliq olishga muvaffaq boʻldik va epidemiyaga qarshi barqaror vaziyatni taʼminladik”, — dedi Shimoliy Koreya rahbari siyosiy byuroning epidemiyaga qarshi olti oylik ishlari yakuniga bagʻishlangan kengaytirilgan yigʻilishida soʻzga chiqarkan.

Notiq ushbu holatni “uzoqni koʻra oladigan rahbariyatning” “ajoyib muvaffaqiyat”i, shuningdek partiya Markaziy qoʻmitasi tomonidan berilgan koʻrsatmalarga amal qilgan koreyslarning “yuqori ong” namoyish etishi natijasi, deb atadi.

Shu bilan birga u qoʻshni davlatlarda kasallik qayta urchishi kuzatilayotgani munosabati bilan fuqarolarni “mutlaq hushyorlik”ni saqlagan holda, epidemiyaning oldini olishga qaratilgan choralarni susaytirmaslikka chaqirdi.

Siyosiy byuro yigʻilishi kecha boʻlib oʻtgan. Darvoqe, ayni payt butun dunyoda koronavirusga uchragani aniqlangan kishilar soni 10 milliondan oshib ketdi. 500 mingdan ziyod odam ushbu kasallik qurboni boʻldi. Pendemiyadan jiddiy zarar koʻrgan koʻpchilik mamlakatlarda esa karantin choralari yumshatilmoqda.

2 442
OʻzA