O‘zA O`zbek

29.03.2020 Chop etish versiyasi

Shimoliy Koreya raketalar sinovini davom ettirmoqda

Shimoliy Koreya raketalar sinovini davom ettirmoqda

Butun dunyo koronavirus bilan kurashayotgan bir paytda ayrim mamlakatlar raketa sinovi bilan band boʻlmoqda. Kuni kecha Shimoliy Koreya Yapon dengiziga qarata qisqa masofaga parvoz qiladigan ikkita raketa uchirdi, deyiladi Ryonxap axborot agentligining Janubiy Koreya qoʻmondonlar shtabi birlashgan qoʻmitasi maʼlumotlariga tayanib tarqatgan xabarida.

“Shimoliy Koreya snaryadlari 23 kilometr uzoqlikda 30 kilometr balandlikda uchib oʻtdi“, — deyiladi agentlik tarqatgan xabarda.

Taʼkidlanishicha, raketa soat 6.10 da Vonson tumanidan uchirilgan. Agentlik maʼlumotlariga koʻra, Janubiy Koreya va AQSH harbiy muassasalari oʻzaro yaqin aloqada boʻlib, parvoz boʻyicha maʼlumotlarni tahlil qilmoqda.

Janubiy Koreya qoʻmondonlar shtabi birlashgan qoʻmitasi koronavirus sababli butun dunyo ahli qiyinchiliklarni boshdan kechirib turganda Shimoliy Koreyaning raketa uchirishini keskin qoraladi va Pxenyanni bunday harakatlarni zudlik bilan toʻxtatishga chaqirdi.

Shimoliy Koreya mart oyining boshidan buyon toʻrtinchi bor raketa sinovini amalga oshirmoqda. Ikkinchi mart kuni ikkita snaryad Yapon dengiziga qarata uchirilgan edi, 9-mart kuni turli toifadagi qisqa masofaga uchadigan raketalar sinovi amalga oshirildi, 21-mart kuni taktik boshqariladigan raketa parvozi amalga oshirildi.

Oʻtgan yili ham Shimoliy Koreya 13 raketa va reaktiv snaryadlarni uchirgandi. Oʻshanda BMT Pxenyanning ushbu tadbirlarini Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini buzish deb baholagandi.

724
OʻzA