O‘zA O`zbek

15.03.2019 17:46 Chop etish versiyasi

Shimoliy Koreya AQSH bilan muzokaralarni toʻxtatishi mumkin

Shimoliy Koreya AQSH bilan muzokaralarni toʻxtatishi mumkin Shimoliy Koreya Qoʻshma Shtatlar bilan Koreya yarim orolida yadro qurollarini ishlab chiqarish va sinovdan oʻtkazishni taqiqlash boʻyicha muzokaralarni toʻxtatishi hamda raketa va yadroviy sinovlarni taqiqlashni qayta koʻrib chiqishi mumkin. Bu haqda Pxenyanning yuqori lavozimli diplomati maʼlum qilgan.

TASS va Assoshieyted Press axborot agentliklarining maʼlum qilishicha, Shimoliy Koreya tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Soy Son Xi, oʻtgan oyda Xanoyda AQSH Prezidenti Donald Tramp va Shimoliy Koreya lideri Kim Chen In oʻrtasida boʻlib oʻtgan sammitdagi shartlarni AQSHning yuqori lavozimli rasmiylari buzganligini aytib oʻtgan.

“Biz Xanoy sammitidagi AQSH talablariga har qanday shaklda javob berish niyatimiz yoʻq va biz bunday turdagi muzokaralarga qoʻshilmaymiz”, - dedi Soy Shimoliy Koreya poytaxtida muxbirlarga bergan intervyusida.

“AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo va Milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Jon Bolton ikki mamlakat orasida dushmanlik va ishonchsizlik muhitini yaratdi, shu sababli Shimoliy Koreya va Amerika Qoʻshma Shtatlari oliy rahbarlari oʻrtasidagi muzokaralarda konstruktiv harakatlar amalga oshmadi”, - deya taʼkidladi Soy Son Xi.

Shuningdek, Soy Son Xi, Kim Chen In yaqinda AQSH va Shimoliy Koreyaning yadroviy muzokaralari xususidagi oʻz pozitsiyasini rasmiy ravishda eʼlon qilishi kerak, deya qoʻshimcha qildi.

OʻzA
845