O‘zA O`zbek

01.02.2019 Chop etish versiyasi

Qirgʻizistonda “Kumtor” kompaniyasi suv uchun haq toʻlashga majbur qilinadi


Qirgʻiziston suv resurslari toʻgʻrisidagi qonunga oʻzgartish kiritishni va Petrov koʻlidan suv oladigan “Kumtor Gold” kompaniyasini suv uchun haq toʻlashga majbur qilishni rejalashtirmoqda.

Qirgʻiziston hukumati tijorat maqsadlarida suvdan haq toʻlashni joriy qilish maqsadida Suv kodeksi va “Suv toʻgʻrisida”gi qonunga qoʻshimchalar kiritish taklifini ilgari surmoqda. Bu boradagi qonun loyihasi parlamentda ikkinchi oʻqishda muhokama qilindi va maʼqullandi. Asosiy munozaralar qirgʻiz suvidan qoʻshni respublikalar tomonidan foydalanish, “Kumtor” korxonasi tomonidan sanoat maqsadlarida suv olinishi va mintaqalardagi fermerlar tomonidan suvdan foydalanish atrofida boʻldi.

Qirgʻiziston Qishloq xoʻjalik, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi bayonot berib, suv uchun qancha hajmda va qanday haq olinishi borasidagi mexanizm keyinroq ishlab chiqilishini maʼlum qildi. Vazir oʻrinbosari Janibek Kerimaliyevning tushuntirishicha, bu yoʻnalish boʻyicha ayrim tashkilotlarga imtiyozlar beriladi, tushgan mablagʻlar esa mamlakat byudjetiga oʻtkaziladi.

“Kыrgыzaltыn” OAJ direktori oʻrinbosari Jumadil uulu Muradil “Ata Meken” fraksiyasidan deputat Aysuluu Mamashovaning savoliga javob berar ekan, hukumat tomonidan taqdim qilinayotgan qonun loyihasi qabul qilingudek boʻlsa, u holda “Kumtor Gold Kompani” kon yaqinidagi Petrov koʻlidan oladigan suv uchun haq toʻlaydi:

Maʼlumotga koʻra, misol uchun 2015 yilda “Kumtor Gold” kompaniyasi sanoat va boshqa maqsadlar uchun Petrov koʻlidan 5 million 542 ming kubometr suv olgan.

Bugungi kunda Qirgʻizistonda suv bepul. Faqat isteʼmolchilarga yetkazib berilgan suv uchungina haq olinadi. Yangi qonun loyihasi qabul qilingudek boʻlsa, suvdan tijorat maqsadlarida foydalanuvchi isteʼmolchilar ham suv uchun, ham yetkazib berilgani uchun haq toʻlaydi.

QSDP fraksiyasidan deputat Aynura Altibayevaning fikricha, mazkur qonun loyihasini imkon qadar tezroq qabul qilish kerak. “Konstitutsiyamizda, “yer, suv va boshqa tabiiy resurslar Qirgʻiziston Respublikasining mulki” ekanligi yozib qoʻyilgan. Nima uchun oltin qazib oluvchi korxonalar suvga haq toʻlamagan holda tonnalab qimmatbaho metallni va milliardlab dollarlarni olib chiqishi kerak? Nima uchun ular ishlatilgan suv uchun haq toʻlamaydi? Shu sababli bu qonunni imkon qadar harakatga tushirishimiz kerak“, deydi deputat.

“Kumtor” Qirgʻizistondagi eng yirik oltin koni hisoblanadi. Bu yerda Kanadaning “Senterra” kompaniyasi faoliyat yuritadi. Qirgʻiziston “Senterra”dagi ulushning 26,6 foiziga egalik qiladi.

1 055
OʻzA