O‘zA O`zbek

12.02.2019 Chop etish versiyasi

Qaragʻandada koʻp bolali oilalar imtiyozlar berilishini soʻramoqda

Qaragʻandada koʻp bolali oilalar imtiyozlar berilishini soʻramoqda

11 fevral kuni qozogʻistonlik koʻp bolali yuzlab oilalar Qaragʻanda viloyati rasmiylari tomonidan uyushtirilgan uchrashuvga keldi. 

Ayrimlar uchrashuvga farzandlari bilan kelishar ekan, vaziyat xuddi Olmaota va Ostonada boʻlayotgan mitinglar darajasiga yetmasdan mahalliy hukumat koʻp bolali oilalarni taklif qilib toʻgʻri ish qilganini taʼkidlashdi. Uchrashuv joyi shahar markazidan uzoqroq – “Doʻstlik uyi“ binosida boʻlib oʻtdi. Nafaqat koʻp bolali onalar, balki koʻp bolali otalar ham savol berishdi.

– Agar bolalar halok boʻlishi bilan bogʻliq hodisa yuz bermaganida edi, bu muammo yuzaga chiqmagan boʻlardi. Koʻp bolali oilalarda muammolar hamisha boʻlib kelgan. Nima uchun koʻp bolali onalar kechroq pensiyaga chiqishi kerak? Ularning ona degan mutaxassisligi va ish bor. Savollar koʻp! Shularga eʼtibor qaratish kerak, – dedi koʻp bolali ota Mixail Zaxarov, hukumat rasmiylariga murojaat qilar ekan.

Manzilli ijtimoiy yordam koʻrsatilayotganida stipendiya va nogironlik boʻyicha nafaqalar hisobga olinishi kerak emasligi yuzasidan takliflar kelib tushdi. Koʻp bolali oilalar kommunal xizmatlarga imtiyozlar berilishini, koʻmir sotib olishdagi xarajatlarning bir qismini qoplashni, bolalari uchun sport seksiyalari va krujoklarni bepul qilishlarini soʻrashdi. Shuningdek, oliy taʼlim olayotgan farzandlari uchun toʻlovlarda imkoniyat yaratilishi, koʻp bolali oilalarga nafaqalar oshirilishi va bola uch yoshga toʻlgunicha, yaʼni bolalar bogʻchasiga chiqqunga qadar nafaqa toʻlanishi kerakligi yuzasidan takliflar berildi.

Bundan tashqari, bola 18 yoshga toʻlganida nima uchun “koʻp bolali oila” maqomi bekor qilinishiga eʼtirozlar bildirildi. Ayollar bu maqomni 21 yoshgacha uzaytirishlarini soʻrashdi. Ishtirokchilarning koʻpchiligi koʻp bolali oilalar turar-joy binosiga ega boʻlishlari uchun imkoniyat yaratilishi haqida gapirishdi.

– Koʻpchilik oʻz uyida yashashni istaydi, chunki oʻz uyingda tomorqa boʻladi, bizni boqadigan qoramol saqlash imkoni boʻladi. Koʻp qavatli binolarda koʻp bolali oilalarning yashashi qiyinroq. Koʻpchilik koʻmir sotib olishga majbur. Men, koʻmir sotib olayotganimizda bizga mablagʻning maʼlum qismi qoplanishini soʻrardim. Biz sotib olingan koʻmir uchun berilgan cheklarni taqdim qilishga tayyormiz, – dedi Qaragʻandada boʻlib oʻtgan uchrashuvda koʻp bolali onalardan biri.

Rasmiy maʼlumotlarga qaraganda, Qaragʻanda viloyatida koʻp bolali 9 372 ta oila qayd qilingan.

11 247
OʻzA