O‘zA O`zbek

12.10.2018 11:52 Chop etish versiyasi

Prezidentimizning Fransiyaga rasmiy tashrifi xorij matbuoti nigohida

Prezidentimizning Fransiyaga rasmiy tashrifi xorij matbuoti nigohida

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning xorijiy mamlakatlarga rasmiy tashriflarini xalqaro jamoatchilik katta qiziqish, zoʻr eʼtibor va yangi tashabbuslar ilhomi sifatida kuzatib boradi. Davlatimiz rahbarining Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makron taklifiga binoan 8-9 oktyabr kunlari ushbu mamlakatga rasmiy tashrifi ham gʻoyat samarali boʻldi.

Taʼkidlash joizki, Fransiya davlatimiz rahbari rasmiy tashrif bilan borgan Yevropadagi birinchi mamlakatdir.

Ikki mamlakat Prezidentlari muzokarasida Oʻzbekiston – Fransiya munosabatlarini yanada rivojlantirish, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashildi, turli sohalarda muhim hujjatlar imzolandi. Savdo-iqtisodiy, turizm, madaniy-gumanitar yoʻnalishda kelishuvlarga erishildi.

Tarixiy voqea sifatida baholangan mazkur tashrif tafsilotlari Fransiya ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi.

“Secret-défense.org” elektron nashrida “Terrorizmga qarshi kurashish uchun Oʻzbekiston xalqaro sheriklarni koʻpaytirmoqda” sarlavhali maqola eʼlon qilindi. 
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyevning Yelisey saroyida Emmanuel Makron bilan uchrashuvi oldidan mulohazalar bildirilgan.

Maqolada “Bu uchrashuv bank va energetika sohalarida koʻplab shartnomalar imzolash hamda xavfsizlik masalalarini muhokama qilish fursatidir. Fransiya va Oʻzbekistonning umumiy jihatlaridan biri – ularning terrorizmga qarshi kurashda birinchilar qatorida ekanida”, deya qayd etiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari jonbozligida terrorizmga qarshi kurash borasidagi amaliy ishlarga yuksak baho beriladi. Jumladan, radikalizmga qarshi yangi oʻzbek yondashuvining birinchi yoʻnalishi yoshlarni qoʻllab-quvvatlash siyosatidir. Bunda asosiy eʼtibor yoshlarning umidsizligi jihodchi saflarni “boqmasligi” kerakligiga qaratilganidir. Shuning uchun Oʻzbekiston BMTning Yoshlar huquqlari konvensiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi va bunga erishildi. 2017 yilning sentyabrida BMT minbarida Shavkat Mirziyoyev diniy bagʻrikenglik toʻgʻrisidagi rezolyutsiya qabul qilinishi tashabbuskori boʻldi. Mazkur rezolyutsiya taʼlim va savodsizlikka qarshi kurashni mutlaqo ustuvor yoʻnalishga koʻtardi. 

Ushbu siyosatning ikkinchi yoʻnalishi – bagʻrikeng va tinch islomni targʻib qilish. Aholisining koʻpchiligini musulmonlar tashkil etishiga qaramasdan Oʻzbekiston dunyoviy davlat boʻlib, uning ildizlari uzoq bagʻrikenglik anʼanasiga va dinlararo doʻstlik munosabatlariga borib taqaladi, deyiladi maqolada.

Maqolada Oʻzbekiston xavfsizlik, millatlararo kelishuv va diniy bagʻrikenglikni taʼminlashga qaratilgan siyosatni yoʻlga qoʻyganiga ham eʼtibor qaratilib, jumladan, shunday deyiladi: “2017 yil dekabr oyida qabul qilingan Prezident qarori minglab shaxslar nomini “terroristik tashkilotlarga qoʻshilgan”likda ayblanuvchilar roʻyxatidan chiqardi. Bu vaziyatga oydinlik kiritish va yaxshini yomondan ajratish yoʻlidir”.

Maqolada terrorizmga qarshi kurash uchun Oʻzbekiston xorijiy mamlakatlar bilan sheriklikka alohida eʼtibor qaratayotgani yozilgan. Davlatimiz rahbarining bu borada Hindiston bosh vaziri Narendra Modi bilan kelishuvi tafsiloti, Janubiy Koreya, Misr kabi davlatlar bilan noqonuniy daromadni qonuniylashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashda hamkorlik qilayotgani bayon etilgan.

OʻzA
1 234