O‘zA O`zbek

15.04.2020 Chop etish versiyasi

Pandemiya davridagi Turkiya

Pandemiya davridagi Turkiya

Turkiyada koronavirus ilk bor 11-mart kuni aniqlangan edi. 14-aprelga kelib, 83 million aholiga ega Turkiyada koronavirusni yuqtirganlar umumiy soni salkam 61 ming kishidan oshdi, sogʻayganlar qariyb 4 ming, olamdan oʻtganlar qariyb 1300 nafarni tashkil qilmoqda. Sogʻliqni saqlash vaziri Faxriddin Koʻjaning maʼlumotlariga koʻra, 600dan ortiq tibbiyot xodimlari va shifokorlar bu kasallikni yuqtirgan.

17-martdan buyon jami 400 mingdan ortiq testlar oʻtkazildi. 50dan ortiq mamlakatdan 20 ming turkiyalik oʻz yurtiga qaytarildi. Mart oyi oxirida 65 yoshdan kattalarga va surunkali kasalliklarga chalinganlarga “komendantlik soati” joriy etilgan boʻlsa, 3-apreldan 20 yoshdan kichiklarning koʻchaga chiqishi butunlay taqiqlab qoʻyildi.

Jahondagi eng yirik “Turkish Airlines” aviakompaniyasi ham barcha ichki va tashqi reyslarni toʻxtatdi.

11-apreldan oziq-ovqat, ayniqsa non mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berish xizmatlarining uzluksiz ishlashi yoʻlga qoʻyildi. Shu kundan boshlab kompaniyalar oʻz xodimlarini yaqin 3 oy davomida ishdan boʻshata olmasligi qonunan belgilab qoʻyildi. Ish beruvchi istagiga koʻra, xodim haq toʻlanmaydigan taʼtilga chiqarilishi mumkin, biroq bunday holatda unga kuniga 5 dollar miqdorida sugʻurta puli toʻlab borilishi shart. Turkiya mehnat va oila vazirligi mamlakatdagi 1,1 million fuqaroga 30 dollardan bir martalik yordam puli berishga kirishdi. Bu kishilarning daromadi kambagʻallik chegarasidan ham past deb baholanmoqda.

Parlament tibbiyot xodimlarining zoʻravonliklardan himoya qilishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qilmoqda. Pandemiya sharoitida ular har qachongidan ham koʻproq zoʻravonlik va qoʻpolliklarga duchor boʻlishlari mumkinligi aytilmoqda.

Turkiyaning qudratli sogʻliqni saqlash tizimi, niqoblar, maxsus himoya vositalari, dezinfeksiya vositalari ishlab chiqaruvchi sanoati va kasalliklarga qarshi kurashishning zamonaviy infratuzilmasi yaratilganiga qaramay, kutilmaganda kelgan ushbu fojia oldida barcha birdek ojiz boʻlib qolmoqda.

Shu sababli zudlik bilan Istanbulda har biri ming oʻrinli boʻlgan ikkita ixtisoslashgan yangi shifoxona qurilishi boshlangan. 20-65 yoshdagi barcha fuqarolarga Sogʻliqni saqlash vazirligi va Turkiya pochta xizmati muvofiqlashtirishi orqali har kuni begʻaraz yordam asosida 5 tadan niqob yetkazib bermoqda.

Anqara universiteti huzuridagi Biotexnologiyalar instituti professori Aykut Ozkulu koronavirusga qarshi davo topganini rasmiy eʼlon qildi. Bu COVID-19ga qarshi zardob, vaksina va dori yaratish jarayonidagi ilk qadam ekanligi taʼkidlanmoqda. Egey universiteti olimlar guruhi antitanachalar oʻxshashini sinovdan oʻtkazishni boshlashdi. Loyiha Turkiya ilmiy-tadqiqotlar kengashi huzuridagi “Marmara” tadqiqotlar markazi Gen muhandisligi va biotexnologiya tadqiqotlari instituti tomonidan muvofiqlashtirilmoqda.

Xitoy kabi katta tajriba toʻplangan davlatlar shifokorlari bilan doimiy videokonferensiya tarzida muloqotlar olib borilyapti. Virus alomatlari paydo boʻlgan shaxslar, jumladan xorijliklar 112 maxsus qisqa telefon raqamiga qoʻngʻiroq qilishlari mumkin. Tibbiy tez yordam begʻaraz asosda koʻrsatiladi.

Shu bilan birga, bu xavfli kasallikka chalinganlarning ismi-sharifi, kasbi va yashash manzillari haqida xabarlar ommaviy berilmayati va umumiy raqamlar bilan cheklanib qolinmoqda.

Hozirga qadar 19 mingga yaqin shaxslar karantin qoidalarini buzganligi uchun maʼmuriy javobgarlikka tortildi. Ichki ishlar vazirligi tomonidan 300 ga yaqin shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda pandemiya haqida igʻvogarona xabarlar tarqatgani uchun qoʻlga olindi, 3576 ta ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlar tekshirildi va tegishli choralar qoʻllandi.

Adliya vazirligi taklifi bilan Parlament jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan 300 ming shaxsning 90 ming nafarini ozod qilish masalasini muhokama qildi. Ularni uy qamogʻiga oʻtkazish yoki jazo muddatining yarmidan koʻpini oʻtab boʻlgan boʻlsa, shartli-muddatidan oldin ozod etilishi taklifi ilgari surildi. Ushbu rejani oʻziga jam qilgan qonun loyihasi 14-aprelda maʼqullandi.

Ekspertlar Turkiyaning ushbu kurash jarayonida eng katta xatosi Eron bilan chegarani kech yopgani va xalqaro aviaqatnovlarni kech bekor qilgani, boshlangʻich bosqichda testlarning yetarli miqdorda emasligi boʻldi, deb hisoblashmoqda.

“Birgalikda biz kuchmiz, birgalikda Turkiyamiz”, “Hayot – uydadir!” shiorlari ostida milliy birdamlik kampaniyasi ketmoqda. Virusga qarshi kurashish davrida ehtiyojmandlarni qoʻllab-quvvatlash uchun Maxsus xayriya jamgʻarmasi tuzildi. R.Erdogʻan va barcha hukumat aʼzolari oʻzlarining maoshlarini mazkur jamgʻarmaga xayriya qilishdi.

Iqtisodiy talofat misli koʻrilmagan darajada boʻlishi taxmin qilinmoqda. Xususan bu balo sababli 210 mingdan ortiq xususiy korxonalar yopildi. Turkiya yetakchi davlat banklari pandemiyadan zarar koʻrgan milliy kompaniyalarni kreditlash dasturlarini amalga oshirishni boshlashdi. Imtiyozli kreditlar olingan kunidan boshlab olti oy muddatga toʻlovlari kechiktirildi. Kreditlarning foiz stavkalari 36 oy davomida 7,5 foiz qilib belgilandi.

Turkiyada ishlab chiqarilayotgan, xorijda talabgir mahsulotlarga masalan, limon (har yili 150-200 ming tonna) eksportiga cheklov qoʻyildi. Turizm tarmogʻida koʻrilayotgan katta zarardan kelib chiqib, pandemiya ortda qolgach, ichki sayyohlikni rivojlantirish boʻyicha strategiya hozirdanoq ishlab chiqilmoqda. Chunki shu kunlarda birgina Antaliyada 100 ming nafar soha xodimlari ish joylaridan mahrum boʻlib qoldi.

Rasmiy Anqara NATO, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy Kengash doirasida qator onlayn muloqotlar olib bormoqda va pandemiyaga qarshi kurash borasida barcha davlatlar intilishlarini birlashtirishga kelishib olmoqda.

Mamlakatning oʻzida ahvol ogʻir boʻlishiga qaramay, Liviya, Livan Falastin, Isroil, Buyuk Britaniya, Italiya, Ispaniya, Shimoliy Makedoniya, Serbiya, Bosniya va Gersegovina kabi davlatlarga tibbiy yordam, himoya kostyumlari, birlamchi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etayotgani ayniqsa eʼtiborga molikdir.

Istanbul universiteti tibbiyot fakulteti professori, pulmonolog Zeki Qilichaslanning aytishicha, “koronavirusga chalinganlar soni may oyi boshida borib oʻzining eng yuqori choʻqqisiga chiqadi va shundan keyin pasayish yuz beradi. May oyining ikkinchi yarmidan boshlab cheklovlar sekin-asta yechiladi, ammo ayrim choralar uzoq muddatlarga saqlanib qolishi mumkin. Kasallik jahonda iqtisodiy va ijtimoiy inqirozni kuchaytiradi. Koʻplab davlatlar Xalqaro valyuta jamgʻarmasi yordamiga muhtoj boʻladi va inqirozga qarshi dasturlarni uning nazoratini amalga oshirishga majbur boʻladi”.

Oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekiston rahbariyatining qatʼiy saʼy-harakatlari va siyosiy irodasi hamda mamlakatimizning Istanbuldagi bosh konsulligi va Anqaradagi elchixonasi amaliy ishlari bilan mingga yaqin vatandoshlarimiz oʻz ona yurtimizga qaytarildi hamda karantinga joylashtirildi.

Shuningdek, bugungi kunda Turkiyada tahsil olayotgan talabalar, turli yumushlar bilan kelgan va qiyin holatga tushib qolgan minglab oʻzbekistonliklarga har tomonlama koʻmaklar koʻrsatilmoqda, ularning himoyasi boʻyicha zaruriy yordamlar koʻrsatilayapti.

Manija BAHRIYEVA,
Xalqaro sharxlovchi

1 852
OʻzA