O‘zbekiston Milliy axborot agentligi

07.09.2018 16:05 Chop etish versiyasi

Okeanlar kemalar qabristoni...mi?

Okeanlar kemalar qabristoni...mi?

BMT mutaxassislari qadimdan shu kungacha boʻlgan kemalar halokatini oʻrganar ekan, bugungi kunda dunyo okeanlari tubida 3 millionga yaqin choʻkib ketgan kemalar bor, degan fikrni ilgari surdi. Shu sababli ham jahon okeanlari tubini “choʻkkan kemalar qabristoni” deb atash mumkin.

Okean tubida qadimgi davrlarga oid kemalarni, qaroqchilarga tegishli kemalarni va harbiy kemalarni uchratish mumkin. Bu kemalar turli davrlarda va turli sabablarga koʻra choʻkib ketgan. Dengizchilar orasida “qadimda choʻkkan kemalar boshqa kemalarni oʻziga chorlaydi”, degan gaplar ham yuradi. 

Kemalar uchun eng xavfli mintaqa sifatida AQSHning Shimoliy Karolina shtatidagi Xatteras burni sohillari deya tan olingan. Ayni shu yerda sovuq Labrador oqimi issiq Golfstrim oqimi bilan toʻqnashadi. Kuchli boʻron va oʻzgarib turuvchi oqimlar tez-tez kemalarning halokatga uchrashiga sabab boʻladi. Tahlilchilarning soʻzlariga qaraganda, ayni shu hududdan 1526-yildan to shu kunga qadar mingdan ortiq kema qoldiqlari topilgan. Shu sababli ham bu yerni AQSHning birinchi moliya vaziri Aleksandr Gamilton “Atlantika qabristoni” deb atagan edi. U bu yerga mayoq oʻrnatish tashabbusi bilan chiqqan edi. Ilk mayoq 1803-yilda oʻrnatilgan boʻlib, u hamon dengizchilarni xavfdan ogohlantiradi.

Turks-Caicos-Grand-Turk-Governor-s-Beach-Shipwreck.jpg

Shuni taʼkidlash kerakki, AQSH Harbiy dengiz kuchlarining birinchi bronenosetsi boʻlmish “Monitor” kemasi 1862-yilda xuddi shu yerda halokatga uchragan. Ayni damda bu yer Milliy tarixiy yodgorliklar hududi deya eʼlon qilingan.
Kanadaning Seybl orolini ham “kemalar qabristoni” desak, yanglishmaymiz. “Sable“ ingliz tilidan tarjima qiladigan boʻlsak, “qaygʻuli”, “motamli” degan maʼnolarni anglatadi. Yarim oy shaklidagi bu orol nomiga mos boʻlib, bu yerda 350 ta kema halokati qayd qilingan. Oroldagi mayoqqa qarab turuvchi Devid Jonsonning fikricha, har ikki yilda uchta kema halokatga uchraydi. Bu yerda kuzatuv ishlari 1800-yildan beri olib boriladi. Biroq bundan avval ham orolda kemalar halokati tez-tez yuz berib turishi manbalarda qayd qilingan. Seybl oroli va kemalar falokati haqida geograf Ioxann Lastv 1633-yildayoq yozib qoldirgan edi.

Amerikadagi Xatteras buruni kabi Kanadaning Seybl oroli ham Atlantikadagi kemalar qabristoni sifatida taʼriflanadi. Bu yerda kemalar sayozlikka oʻtirib qolganlaridan keyin ikki-uch oy oʻtib butunlay qumlar ichiga shoʻngʻib ketadi. Eng qizigʻi, oradan maʼlum vaqt oʻtgach, qumlar yutib yuborgan kemalar yana paydo boʻlib qoladi. Hozircha bu hodisaga biror ilmiy izoh berilganicha yoʻq. Orolning koʻpincha oʻz joyini oʻzgartirib turishi ham fanga nomaʼlumligicha qolmoqda. Soʻnggi 200 yil mobaynida Seybl oroli oʻrtacha 230 metrga siljidi. Ayni shu holat yuzlab kapitan va dengizchilarning aldanishiga sabab boʻldi. Eng yirik fojia 1898-yilda yuz bergan. Oʻshanda Fransiyaga tegishli “La Burgon” yoʻlovchilar kemasi quyuq tuman sabab “Kromartishir” kemasi bilan toʻqnashib ketgan va hodisa oqibatida 561 kishi halok boʻlgan.

La-Mansh boʻgʻozida – Buyuk Britaniyaning Duvr shahri yaqinida Gudvina sayozligi bor. Bu yerda 2000 dan ortiq kema halokatga uchragani aytiladi. Taxminlarga koʻra, bu orol Lomea orolining yuvilishi oqibatida paydo boʻlgan. Suv yuvib turgani bois qumlar oʻz rangini va joyini oʻzgartirib turadi. Bu oʻz navbatida dengizchilarning gʻaflatda qolishiga sabab boʻladi. “Qum qopqoni”ga yelkanli kemalar tez-tez tushib qolgan. Hisob-kitoblarga qaraganda, Gudvina sayozligida 50 000 ortiq kishi bedarak yoʻqolgan. Mahalliy aholi sayozlikka oʻtirib qolgan kemalar va odamlarni qutqarish yoki qaroqchilik evaziga hayot kechirishganlari aytiladi.

article-0-19C50577000005DC-327_964x643.jpg

Boltiq dengizida arxeologlarning hisob-kitoblariga qaraganda, 1128-yildan 1947-yilga qadar 26 703 ta kema choʻkib ketgan. Shundan 10 000 tasi Rossiya sohillarida, 2500 tasi Fin koʻrfazida ekani aytiladi. Tadqiqotchilar fikricha, choʻkkan kemalarning toʻrtdan bir qismi Rossiya flotiga, 19 foizi — Germaniyaga, 17 foizi — Buyuk Britaniyaga, 8 foizi — Gollandiyaga, 7 foizi — Finlandiyaga tegishli. Boltiq dengizida kemalar turli sabablarga koʻra, harbiy harakatlar vaqtida, noqulay ob-havo tufayli, oʻzaro toʻqnashuv natijasida halokatga uchragan. Rossiya olimlari dengiz tubida tadqiqot olib borganlaridan soʻng choʻkkan kemalar atlasini yaratishdi. Biroq ular kemalarni yuqoriga olib chiqish niyatida emasligini aytishadi. Chunki Boltiq dengizi Rossiya suv osti merosi boʻlmish kemalarning yaxshi saqlanishi uchun qulay ekani aytiladi.

Boltiq dengizidagi qiziqarli sirlardan biri – 1771-yilda halokatga uchragan Gollandiyaga tegishli “Frau Mariya” kemasini misol sifatida keltirish mumkin. 1999-yilda 41 metr chuqurlikdan topilgan mazkur kemada noyob sanʼat asarlari bor edi. Hamon dengiz ostida boʻlgan mazkur kemada Saksoniya farfori, oltin va kumush haykallar, shuningdek, 300 ga yaqin kartinalar bor. Kemani dengiz sathiga olib chiqish uchun 80 million yevro miqdorida mablagʻ zarurligi aytiladi.

truk.jpg

Yevropaliklar Amerika yeri va u yerdagi boyliklar haqida xabar topishgach, “oltin vasvasasi” deb nomlanmish asr boshlandi. 1503 yildan 1650 yilga qadar “okean orti”dan Ispaniyaga 181133 kilogramm oltin va 16 886 815 kilogramm kumush olib kelindi. Oltin ortilgan Ispaniya kemalari Amerikadan Yevropaga Karib dengizi orqali oʻtardi. Ammo bu kemalarning hammasi ham oʻz manzillariga eson-omon yetib bordi, deb aytib boʻlmaydi. Malakaga ega boʻlmagan dengizchilar, navigatsii tizimining yoʻqligi, xaritalarining noaniqligi, shuningdek mintaqadagi kuchli boʻronlar tufayli kemalar halokatga uchragan. Qaroqchilar tomonidan kemalarning choʻktirib yuborilganidan ham aslo koʻz yumib boʻlmaydi. Mutaxassislarning hisob-kitoblariga koʻra, Karib dengizida 1500-yildan 1820-yilga qadar 850 kema halokatga uchragan. Shundan 340 tasi hamon topilmagan. Birgina 1619-yildan 1659-yilga qadar 673ta kemaning choʻkkani aytiladi. Ularning koʻpchiligi Katta Antil orollari yaqinida halokatga uchragan. Bu yerda kamida 400 ta yelkanli kema “koʻmilgan”.

مقبرة-الغواصات.png

Avstraliya Atrof-muhit va madaniy merosni muhofaza qilish departamenti maʼlumotlariga koʻra, Kvinslend sohillarida yuzlab kemalar abadiy qoʻnim topgan. Maʼlumki, Avstraliyaga kelgan birinchi bosqinchilar tushgan kemalar tez-tez halokatga uchrardi.

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA