O‘zA O`zbek

22.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻziga xoslik hikmati yoki Shvetsiyaning koronavirusga qarshi kurashda tutgan yoʻli

Oʻziga xoslik hikmati yoki Shvetsiyaning koronavirusga qarshi kurashda tutgan yoʻli

Dunyoda oʻziga xos iqtisodiy taraqqiyot yoʻlini tutgan mamlakatlar koʻp. Ularning koʻpchiligi muvaffaqiyatga erishib butun dunyoga oʻrnak ham boʻlishyapti. Bunga iqtisodchilar taraqqiyotning “milliy modeli”, deb baho berishadi, odatda. Ammo koronavirus tarqalgach, unga qarshi kurashda ham ayrim mamlakatlarning oʻziga xos yoʻl tutayotgani dunyo jamoatchiligini qiziqtirib qoʻymoqda. Chunki, aksariyat mamlakatlar koronavirusga qarshi deyarli bir koʻrinishda kurash olib borayotgan bir paytda ushbu oʻziga xoslik qanday samara berayotgani koʻpchilikning eʼtiborini tortmoqda. Ana shunday mamlakatlarning biri Shvetsiyadir.

Hindiston 1,3 milliardlik aholisini yoppasiga karantinga kiritdi. Germaniya ikki kishidan koʻp odam toʻplanishini taqiqlab qoʻydi. Fransiyaliklardan uyidan koʻchaga chiqmoqchi boʻlsa qanday maqsadda chiqayotganligi haqida anketa toʻldirish talab qilinmoqda. Buyuk Britaniyada aholining oʻzini oʻzi yakkalash tartibiga rioya qilishini politsiya kuzatib bormoqda.

Shvetsiyada bari boshqacha kechmoqda

Yevropaning eng taraqqiy etgan mamlakatlaridan biri sanalgan Shvetsiya Yevroittifoqda karantin joriy qilmagan yagona mamlakat boʻldi. Barcha mamlakatlarda koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi keskin choralar koʻrilayotgan bir sharoitda, bu mamlakatda favqulodda holat rejimi joriy qilinmadi. Hukumat asosiy urgʻuni fuqarolarning oʻzlari muammoga ongli ravishda munosabatda boʻlishiga qaratdi va hozircha ushbu model oʻz samarasini bermoqda.

Avval iqtisod, keyin siyosatmi?

Shvetsiya hukumati aholining mehnat faoliyatini toʻxtatish, mamlakatda qattiq karantin choralarini qoʻllash, bir soʻz bilan aytganda, mamlakatning iqtisodiy hayotiga tushov solish oʻrniga boshqa oʻziga xos choralarni koʻrishni maqbul koʻrdi.

Masalan, hukumat Yevroittifoqqa kirmaydigan mamlakatlar fuqarolarining Shvetsiyaga kelishiga qoʻyilgan taqiqni yana bir oyga uzaytirdi.

Mamlakatning tashqi chegaralari martning oʻrtalaridan yopib qoʻyildi. Shvetsiyada koronavirusga qarshi kurashda joriy qilingan va hozirda amalda boʻlgan oz miqdordagi taqiqlarning asosiysi ham aynan shu boʻldi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shvetsiyada ham koronavirusga chalingan soni 10 mingdan oshib ketgan, oʻlim ham anchagina, lekin boshqa mamlakatlarnikidan farqli oʻlaroq, Shvetsiyada infeksiyaga chalinish holati boʻyicha vaziyat keskin sakrashlarsiz, barqaror kechmoqda. Holbuki, xuddi shu vaqtda qoʻshni Germaniyada ahvol juda jiddiy tus olgandi.

Umuman, umumiy manzaraga qaralganda Shvetsiyadagi ahvolni yomon deb boʻlmaydi. Chunki mamlakat koronavirusga chalinganlar boʻyicha Yevropada liderlik qilayotgani yoʻq. Ushbu pozitsiyani Ispaniya egallab turibdi. Koronavirusdan oʻlim holati boʻyicha ham Shvetsiya boshqa mamlakatlardan ancha orqada. Masalan, bu borada u Italiyaga yeta olmaydi.

Shvetsiya faqat oʻzining qoʻshnilari Daniya, Norvegiya va Finlyandiya bilan tenglashishi mumkin. Ammo bu qoʻshnilarda qattiq karantin choralariga amal qilinmoqda.

Oʻz yoʻlimiz bor

Darvoqe, Shvetsiya hukumati hali ham oʻzi tanlagan strategiyadan chekinmoqchi emas. Daniya va Norvegiyada maktablar, korxonalar va jamoatchilik joylari yopilgan bir paytda, Shvetsiyada hayot avvalgidek oʻz maromida kechmoqda. Doʻkonlar ishlab turibdi, fuqarolar ochiq havoda sport bilan shugʻullanishmoqda, qandaydir cheklovlar boʻlganda ham, u faqat ommaviy yigʻinlarga tegishli boʻlmoqda. Reklama 13

Masalan, yaqinda qitʼada pasxa bayrami taʼtillari boʻldi. Butun Yevropa ushbu bayramga koronavirus tarqalishi uchun asosiy tahdid sifatida qarashdi. Bayram arafasida Germaniya kansleri Angela Merkel nemislarni izolyatsiya tartiblariga amal qilishda davom etishga chaqirdi.

U karantin tufayli koronavirusga qarshi kurashda yaxshi natijalarga erishilayotganini taʼkidlar ekan, “biz Pasxada va undan keyin ham karantin choralariga amal qilishimiz kerak, chunki bu yoʻldagi erishgan muvaffaqiyatlarimizning hammasini tez fursatda qoʻldan boy berishimiz mumkin”, — deya taʼkidladi.

Shvetsiyada esa, hukumat fuqarolaridan faqat masalaga masʼuliyat bilan yondashishni, 50 kishidan ziyod boʻladigan ommaviy tadbirlarga bormay turishni tavsiya qildi, xalos.

Koʻrilayotgan yumshoq choralar mamlakatda pandemiyaga qarshi kurash umuman olib borilmayapti, degani emas, albatta. Infeksiyaga chalingan fuqaro kim boʻlishidan qatʼiy nazar boshqa odamlardan ajratiladi, u bilan aloqada boʻlgan shaxslar esa testdan oʻtkaziladi. Shuningdek, mamlakatda Jahon sogʻliqni saqlar tashkiloti (JSST) tavsiya qilgan ijtimoiy masofaga hamda gigiyena va boshqa xavfsizlik choralariga amal qilinmoqda.

Farq nimada?

Shvetsiya modelining boshqa mamlakatlarnikidan asosiy farqi shuki, ular turli cheklovlar bilan iqtisodni boʻgʻmadi. Korxonalar va doʻkonlar va unchalik katta boʻlmagan yemakxonalar ishlab turibdi. Aholiga imkon boʻlsa masofadan turib ishlash tavsiya etilmoqda.

Mamlakat boʻylab sayohat qilish imkoniyati saqlanib qolgan, poyezdlar qatnashda davom etmoqda. Hukumat aholini agar zarurat boʻlmasa safarga chiqmay turishni eslatdi, xalos.

“Hukumat, hatto, nisbatan erkin tartibda ham ayrim cheklovlarga, ijtimoiy normativlarga amal qilish kerakligi haqidagi tushunchani shvedlarning ongiga singdira oldi”, deydi aksariyat ekspertlar.

Eng muhimi, odamlar ham hukumat va tibbiy instansiyalarning ushbu koʻrsatmalariga ongli ravishda amal qilmoqda. Ular birorta ham xavotirli vaziyatlarni yuzaga keltirmayapti, deydi ekspertlar.

Boshqalar uchun namuna

Shvetsiyaning pandemiya sharoitida tutgan ushbu yoʻlini hamma ham birdek maʼqullayotgani yoʻq, albatta. Davlat oʻz hamkorlarining ham, oʻz fuqarolarining ham tanqidiga duch kelmoqda. Xususan, mamlakatdagi ommaviy axborot vositalari koʻrilayotgan choralarning samaradorligi bilan bogʻliq savolni muntazam koʻtarib chiqmoqda.

Masalan, Dagens Nyheter, nashrining yozishicha, pandemiya Shvetsiya jamoat sogʻligini saqlash agentligining faoliyatini barbod qildi. Tahlilchilar agentlikni oʻta yumshoq tavsiyalar berganlikda aybladi va qattiq choralar koʻrish lozimligini eslatishdi. Norwegian Daily nashri jurnalistlari esa, Shvetsiya hukumatini hozirdanoq ayblash nooʻrin ekanini taʼkidlashmoqda.

Politico tahlilchilari, qoʻshni mamlakatlar pandemiyani butunlay toʻxtatishga urinayotgan bir paytda Shvetsiyaning tutgan strategiyasi koʻproq virusning tarqalishini kamaytirishga qaratilganini eslatmoqda.

Ayrim ekspertlarning fikricha, Shvetsiya qoʻllayotgan usul boshqa mamlakatlarga namuna boʻlishi mumkin, xalos. Shimol mamlakatlarining chiqargan sabogʻi boshqa mamlakatlar uchun yangi pandemiya yuz berganda foydali boʻladi, deydi ular.

Yana shuni ham taʼkidlash joizki, mazkur model hamma mamlakatlarga ham toʻgʻri kelavermas ekan. Masalan, Amerika lideri Donald Tramp Shvetsiya tutgan yoʻl haqida toʻxtalar ekan, “Shvetsiya yoʻlini tutganimizda AQSHda 2 millionga yaqin odam oʻlib ketgan boʻlardi”, deydi.

“Shvetsiya bizdan farq qiladi. Ular boshqa yoʻldan borishdi. U juda intizomli mamlakat”, — deya taʼkidladi AQSH prezidenti.

Boshqa ekspertlar ham Shvetsiya modeli faqat Shvetsiyada ish berishini taʼkidlashmoqda. Bunga, Shvetsiyaning oʻziga xos mamlakat ekani sababdir, demoqda ular.

“Masalan, ularning misolida koʻradigan boʻlsangiz, pandemiya davrida ijtimoiy cheklov qanchalik samarali ishlayotganini kuzatish mumkin. Yana shuni ham inkor etib boʻlmaydiki, bu usul boshqa mamlakatlarda, jumladan, Yevroittifoqda ish bermasligi mumkin”, deyishmoqda kuzatuvchilar.

“Shvetsiyada oʻziga xos noyob model ishlamoqda, va bu shuni koʻrsatmoqdaki, har bir mamlakat oʻzining spetsifikasini hisobga olishi lozim”, — deydi yana bir guruh ekspertlar.

Bir soʻz bilan aytganda, Shvetsiya hukumati koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda fuqarolarning oʻta intizomli boʻlishiga umid qilmoqda. Shvetsiya amal qilayotgan ushbu ssenariy oʻzining hayotiyligini namoyish etmoqda va hozircha yaxshi samara bermoqda, deyishga, asos yetarli.

2 228
Saidmurod Rahimov, OʻzA