O‘zA O`zbek

22.06.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekistonda koronavirusning aholi orasidan aniqlanishi ortib bormoqda

Oʻzbekistonda koronavirusning aholi orasidan aniqlanishi ortib bormoqda

Soʻnggi kunlarda mamlakatimizning turli hududlarida aholi orasida koronavirusga chalinish holatlariga eʼtibor qaratsak, koʻpincha oʻz ixtiyori bilan yoki profilaktik maqsadida namuna olinganda kasallik aniqlanayapti. Bu esa yon-atrofimizda koronavirusga chalinib, hech qanday kasallik belgilarisiz yurgan fuqarolar boʻlishi mumkinligini koʻrsatmoqda. Ayni holat barchamizdan yana-da hushyor boʻlishni talab etadi.

Avval xabar qilganimizdek, 20-iyun sanasida yurtimizda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan 207 nafar bemordan 19 nafari aholi orasida aniqlangan boʻlsa, 21-iyun kuni esa 162 nafar bemordan 22 nafari aholi orasida tasdiqlandi. Ikki kunlik maʼlumotga koʻra, umumiy kasallanish koʻrsatkichi kamaygan boʻlsada, ammo aholi orasida koronavirusga chalinish holati oshgan.

21-iyun kuni aholi orasida koronavirus aniqlanish holatlarini hududlar kesimida koʻradigan boʻlsak, Buxoro viloyatida 11 nafar, Toshkent shahrida 7 nafar, Sirdaryo, Samarqand, Andijon va Toshkent viloyatlarida 1 nafardanni tashkil qildi.

Jumladan, Shayxontohur tumanida yashovchi G.I.da (sanatoriyga yotish maqsadida namuna topshirgan) va Z.G.da (shifoxonaga yotish uchun namuna topshirgan), “Ipotekabank”ning Chilonzor tuman filiali xodimi F.A.da (tana harorati koʻtarilganligi sababli namuna topshirgan), “Oʻzbekiston havo yoʻllari” AJ xodimi Sh.D.da (ishga qaytish uchun namuna topshirgan) , Toshkent shahridagi “AMG” MCHJ xodimi K.M.da (profilaktika maqsadida namuna topshirgan) kasallik qayd etilgan.

Shuningdek, Buxoro viloyatidagi xorijiy korxonaning 4 nafar ishchisida (korxona xodimi tana harorati koʻtarilgan va namuna topshirgan. Profilaktika maqsadida boshqa xodimlardan ham namuna olingan) va shu hududdagi issiqxonaning 5 nafar ishchisida (profilaktika maqsadida namuna topshirishgan), shuningdek, viloyatda yana 2 nafar fuqaroda (profilaktika maqsadida namuna olingan), Andijon viloyati Paxtaobod tumanida yashovchi X.T.da (Toshkent shahar Yakkasaroy tumanidagi “F-market” doʻkonida sotuvchi. Tana harorati koʻtarilgach, ertasiga Andijon viloyatiga, oʻz uyiga qaytgan), Sirdaryo viloyati Guliston shahrida yashovchi fuqaro G.A.da hamda Samarqand shahar sanitariya-epidmiologiya osoyishtaligi markazi xodimida ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan. Ayni paytda ushbu holatlar yuzasidan epidemiologik surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Vaziyat hamon xavotirli ekanini inobatga olib, Sogʻliqni saqlash vazirligi aholidan yon-atrofdagi odamlar bilan ijtimoiy masofa saqlagan holda, imkon qadar kamroq muloqotda boʻlishni, va albatta, zarurat boʻlmaganda koʻchaga chiqmaslik, ozodalikni saqlash, qoʻllarni yaxshilab, qayta-qayta yuvish, koʻchaga chiqqanda niqobni toʻgʻri taqib yurish kabi karantin qoidalariga muntazam ravishda qatʼiy rioya etishlarini soʻrab qoladi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

2 008
OʻzA