O‘zA O`zbek

13.04.2019 12:46 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes vakillari hamkorligi istiqbollari

Oʻzbekiston-Qozogʻiston biznes vakillari hamkorligi istiqbollari

Oʻzbekiston-Qozogʻiston munosabatlari koʻplab sohalar qatori iqtisodiy yoʻnalishlarda ham rivojlanmoqda. 2018 yilda tomonlar hamkorlikda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan koʻplab amaliy ishlarga qoʻl urdi.

Olmaota shahrida oʻtgan “Bolalik” va “Bolalar modasi – 2018” koʻrgazmalarida Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan bolalar kiyim-kechaklari namoyish qilindi. Natijada “Lorat tekstil” kompaniyasi qozogʻistonlik hamkorlar bilan shartnoma imzoladi.

Shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan birgalikda “Kazaxstan temir joli” milliy kompaniyasi va Qozogʻiston Qishloq xoʻjaligi vazirligi vakillari ishtirokida oʻtkazilgan muzokaralar natijasida temir yoʻl transportida mahsulot tashishda imtiyozlar taqdim etishga kelishdi.

Oʻzbekiston tovar-xomashyo birjasi bilan “Tovarnaya birja “YETS” AJ kelishuviga muvofiq, Olmaota shahrida birja savdolari elektron tizimiga bogʻlangan birinchi xorijiy savdo maydonchasi ish boshladi. Mamlakatlarimiz hududlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turistik aloqalarni rivojlantirish maqsadida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax, Samarqand, Sirdaryo, Toshkent, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahar hokimlari oʻrinbosarlari boshchiligidagi ishbilarmon doiralar vakillarining Qozogʻiston viloyatlariga tashrifi va mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmalari tashkil etildi.

Chimkent shahrida oʻtkazilgan Oʻzbekiston – Qozogʻiston birinchi hududlararo forumida umumiy qiymati 324,7 million AQSH dollaridan ortiq shartnomalar imzolandi. Hududlar oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish boʻyicha 15 ta kelishuvga erishildi.

Umuman, shu kabi hamkorlikdagi amaliy ishlar natijasida 2018 yilda ikki davlat kichik va oʻrta biznes subyektlari oʻrtasida qiymati 409,6 million dollarga teng eksport shartnomalari imzolangan boʻlgan.

OʻzA
3 118