O‘zA O`zbek

11.10.2019 Chop etish versiyasi

O‘zbekiston Amerika uchun nega muhim?

O‘zbekiston Amerika uchun nega muhim?


VAShINGTONAQSh Vakillar palatasining respublikachi a’zosi Trent Kelli demokrat sherigi Visente Gonzalez bilan yaqinda bir rezolyusiyani tasdiqlatdi. Hujjat O‘zbekiston va AQSh orasidagi strategik sheriklikni mustahkamlashga chaqiradi. “Bu – Kongress pozitsiyasi”, deydi Kelli.

Bu qonunchilar nima uchun O‘zbekiston bilan yaqindan ishlash payida? O‘zbekiston Amerika uchun nega muhim? AQSh Milliy Gvardiyasida brigada generali unvoniga ega kongressmen Kelli bilan Kapitoliydagi idorasida suhbat qildik.

Navbahor Imomova: – Kongressmen Trent Kelli siz bilan O‘zbekiston haqida gaplashgani keldik.

Trent Kelli: – Xush kelibsiz! Bu men uchun juda sevimli mavzu, agar harbiy hamkorlikni ham nazarda tutsak. Uch kun oldin Missisipi shtati gubernatori bilan gaplashdim. U yaqinda O‘zbekistonga borib keldi. O‘zbekiston va Missisipi orasida o‘xshashliklar ko‘p.

Navbahor Imomova: – O‘zbekiston va Missisipi orasidagi hamkorlik qanday boshlangan? Siz Kongressga 2015 yilda saylangansiz. Lekin O‘zbekistonni ancha yaxshi bilasiz. Bu davlat bilan qanday qilib til topishgansiz?

Trent Kelli: – Bilasizmi, o‘zi ezgu niyatli odamlar har doim bir-birini topadi. Missisipi Milliy Gvardiyasi a’zosiman. Bu kuchlar O‘zbekiston harbiylarini treningdan o‘tkazib keladi. Bu uzoq yillik dastur (Pentagon dasturi). 2016 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlikda O‘zbekistonga bordim. Kongress delegatsiyasi bilan. O‘shanda Shavkat Mirziyoev bilan tanishganman. Ajoyib inson. Do‘stlashib ketdik. Orada muloqot avj oldi, aloqalarni kengaytirishga kelishib oldik va ishga kirishdik.

Navbahor Imomova: – Missisipi shtati ahli O‘zbekiston davlati va xalqi haqida qanchalik biladi?

Trent Kelli: – O‘rganishyapti, bila boshlagan. Juda ko‘p narsalarni gapirib berishim mumkin. Kongress delegatsiyasini o‘zim olib borganman. Sakkiz vakildan iborat edi. O‘zbekistonga uzoq yillar mobaynida Kongressdan bunday katta qonunchilar guruhi bormagan edi. Boshqalarni ham O‘zbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men o‘zim Missisipida O‘zbekiston haqida ko‘p so‘zlayman. Gubernatorimiz, iqtisod va harbiy masalalar bilan shug‘ullanadigan bosh rasmiylarimiz borib kelishdi. Gap bu yerda faqat harbiy hamkorlikda emas. Biz boshqa sohalarda ham O‘zbekiston bilan ishlashni xohlaymiz. Hamjihatmiz.

Navbahor Imomova: – Vakillar palatasidagi O‘zbekiston guruhi haqida gaplashaylik. Maqsadi nima bu guruhning?

Trent Kelli: – Maqsad – O‘zbekiston va AQSh orasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz O‘zbekistondagi jarayonlardan boxabar bo‘lsin. O‘zbekiston uzoq davr mobaynida yopiq edi. Hozir ochildi. Ular endi mintaqaviy lider. Ular dunyo bo‘ylab sherik va hamkorlarga ega. Prezident kelib mudofaa vazirimiz, prezidentimiz, shuningdek, senatorlar bilan uchrashdi. Bu muloqotlar juda muhim. Aytganimdek, bir-birimizni yaqindan taniyapmiz. O‘zbekiston guruhidagi demokrat sherigim Visente Gonzalez bilan rezolyusiya loyihasini taklif qildik. O‘zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.

Navbahor Imomova, "Amerika Ovozi: Har ikki partiya a’zolari bormi bu guruhda?

Trent Kelli: – Albatta.

Navbahor Imomova: – Kongressda uzoq payt O‘zbekistondagi siyosat vaziyatni tanqid qilib kelganlar bor. Ular bilan ham gaplashib turasizmi?

Trent Kelli: – Gaplashamiz. Men O‘zbekiston elchisi Javlon Vahobov bilan muntazam aloqadaman. Juda, juda faol elchi. Yaqin do‘stdek bo‘lib qoldik. Men uchun bu qiyin emas, chunki O‘zbekiston hukumatida yaqin o‘rtoqlar topganman. Ular bilan yaqinligimning va bu rishtalar sababi - samimiylik. Dardimizni bir-birimizga ochiq aytamiz, bir-birimizni eshitamiz. Muammolarni muhokama qilamiz. Yechim izlaymiz, topamiz.

Navbahor Imomova: – O‘zbekiston tomon Amerikadan ko‘p narsa kutmoqda. Ulkan umidlar bog‘langan bu hamkorlikka, juda ko‘p sohalarda. Faqat harbiy emas, o‘zingiz qayd etganingizdek, biznes va sarmoya, taraqqiyot, inson huquqlari va texnik yordam. Amerika ham O‘zbekistonda ko‘p ishlar qilmoqchi, ko‘maklashmoqchi. Siz uchun eng dolzarb masalalar nima?

Trent Kelli: – Harbiy hamkorlik birinchi o‘rinda. Mintaqaviy barqarorlik. Afg‘oniston ham buning ichida. O‘zbekiston bu jarayonlarda muhim rol o‘ynayapti, Tolibon va Afg‘oniston hukumati til topishishi uchun harakat qilmoqda. O‘zbekiston – mintaqaviy lider. Biz shunga qarab harakat qilayapmiz. Iqtisodiy jihatdan, shtatimdagi yeryong‘oq fermerlari bilan gaplashayapman. Mahsulotlarimiz uchun O‘zbekistonda omborxona, ta’minot markazi ochmoqchimiz. Fermerlar tajriba va bilim almashadigan joy bo‘lsin. Qishloq xo‘jaligi nihoyatda muhim soha biz uchun. AQSh Qishloq xo‘jaligi vazirligi O‘zbekiston bilan hamkorlikni kuchaytirishi borasida muloqotdaman.

Navbahor Imomova: – Vashingtonda va boshqa joylarda, hatto Toshkentda ham Amerika O‘zbekiston bilan hamisha «sendan ugina, mendan bugina» qabilida hamkorlik qilgan, degan tahlil chuqur ildiz otgan. Ya’ni siz O‘zbekiston bilan muayyan maqsadlar uchun, masalan, Afg‘oniston borasida ishlaysiz. Mintaqa sizga qaergadir o‘tish yoki yetish uchun kerak. Yondashuv juda pragmatik, uzoqni ko‘zlamaydi, deyishadi.

Trent Kelli: – Shunday fikrlaganlar men bilan gaplashsin. Bu noto‘g‘ri tahlil. Men uch yildan beri har noyabr oyida O‘zbekistondaman. Doimiy aloqadamiz. Visente Gonzalez bilan taklif qilgan rezolyusiyam ham uzoq muddatli hamkorlikka undaydi. Biz ulkan tizimmiz. Kongressda 535 nafar a’zo bor. 435 vakil, 100 senator. Balki ayrim hollarda qisqa muddatli maqsadlar ham bordir, lekin O‘zbekiston bugun Kongressda ishonchli do‘stlarga ega. Qolaversa, mana shtatlarning rahbarlari ham aloqa o‘rnatmoqda. Shtatlar siyosati va hamkorligi alohida. Ular Afg‘oniston uchun borayotgani yo‘q. Maqsad – iqtisodiy hamkorlik. Missisipi, masalan, O‘zbekiston bilan chuqur aloqa istaydi. Bizni tanqid qilayotganlar haqiqatni ko‘rmayapti, nazarimda.

Navbahor Imomova: – Prezident Mirziyoevni o‘tgan yili bu yerda iliq kutib oldingiz. Kapitoliyni aylantirdingiz.

Trent Kelli: – Ha, aylantirdik. Linkoln xonasini ko‘rsatdik. Linkoln prezidentlik paytida juda yaxshi ko‘rgan joy bor, shuni ko‘rsatdik. Uchrashuv uchun juda mos zal.

Navbahor Imomova: – Shunday ekan, nima uchun O‘zbekiston hukumati va xususan Prezident Mirziyoev siz uchun ishonchli taraf?

Trent Kelli: – Birinchidan, biz hamkorlik xohlaymiz. O‘zbekiston prezidenti ham shuni istaydi. Buning isboti ko‘p. Kongressdan borganimizda, prezident Yaponiyada edi, vazirlari bilan. Katta delegatsiya edik. Kunimiz bir-biriga to‘g‘ri kelmadi. Prezident Toshkentda bo‘la olmasdi, chunki boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan edi. Vazirlarining hammasini biz bilan muzokara qilishga yubordi. Bu uning irodasi kuchli ekanidan dalolat emasmi? Diniy mahbuslar masalasida ham, maxsus elchimiz Braunbek va Davlat departamenti bilan muzokara qilindi. Paxta terimi, bolalarni terimga olib chiqish masalasi ham muhokamada edi. Albatta. bu muammolar hal bo‘ldi. Bu nimadan dalolat? O‘zbekiston to‘g‘ri yo‘ldan bormoqchi. O‘zbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta. Meni taklif qilishdi, keling kuzating, deb. Faqat uning vaqti Rojdestvo bayramiga yaqin. Yosh bolam bor, ketish qiyin bo‘ladi. Lekin O‘zbekiston hukumati eshikni ochib, keling, jarayonni kuzating, deyapti xalqaro hamjamiyatga. O‘zbekistonda oshkoralik davri boshlangan. Bu juda yaxshi. Har doim ham kutilgan natijani bermasligi mumkin, lekin tuzum ochiq ekanini ko‘rsatmoqchi. Ishonch va uzoq muddatli hamkorlik ortidagi asosiy omil shu.

Navbahor Imomova: – Ko‘plar nazarida prezident o‘z hokimiyatini mustahkamlab olgach, arqonni qattiqroq torta boshlashi mumkin.

Trent Kelli: – Aksincha, u ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa bo‘ladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni ko‘rsatishi kerak.

Navbahor Imomova: – Borsangiz, har ikki partiya vakillari boradimi?

Trent Kelli: – Balki... Yo men o‘zim, yo ikkala partiya vakillaridan iborat guruh. Ko‘ramiz. Xalqaro tashkilotlarni ham taklif qilishgan, BMT va boshqalarni. Bu saylov oldingilaridan erkin va yangicha bo‘ladi, shunday emasmi? Siz nima deysiz?

Navbahor Imomova: – Bilasizmi, Kongressmen Kelli, bu saylov – O‘zbekiston siyosiy tizimi uchun tarixiy sinov. Sistema qanchalik yangilangani, isloh qilinganini ko‘rsata olishi kerak. Davlatning asosida yangilik bor, deya ko‘rsatishi kerak. Siyosiy islohotlar bo‘layotganidan darak berishi kerak. Nafaqat xalqaro hamjamiyat, balki O‘zbekiston xalqining o‘zi buni ko‘rishi kerak.

Trent Kelli: – Gap shundaki, to‘rt yil oldin O‘zbekistonga xorijiy harbiylar kira olmagan bo‘lar edi. Hatto trening uchun ham qo‘yishmas edi. Hozir biz treninglar haqida gaplashayapmiz, mudofaa vaziri bilan. Prezident xabardor. Mintaqaviy mashqlar qilmoqchimiz. Chet ellik harbiylar boradi, birga mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Zilzila yoki boshqa tabiiy ofatlarga qarshi tayyorgarlik.

Navbahor Imomova: – O‘zbekiston qonunlari xorijiy harbiylarga baza ochishga ruxsat bermaydi.

Trent Kelli: – Biz trening uchun boramiz. Oldinlari hatto trening uchun ham amalda ruxsat yo‘q edi. O‘zbekiston hozir bunga ochiq. Chegaralar ham ochildi. 3-4 yil ichida vaziyat ancha yaxshilandi. Hamma narsa a’lo, demayapman. Albatta, unday emas. Bizning chegaralarimizga qarang. Ishlashimiz kerak. Lekin ijobiy o‘zgarishlarni ham tan olish kerak.

Navbahor Imomova: – O‘zbekiston mudofaa vaziri, xavfsizlik bo‘yicha rahbarlar bilan gaplashib turasiz-a?

Kongressmen Trent Kelli: – Hammasi bilan. O‘zbekiston harbiy akademiyalarida bo‘ldim. Bir necha marta bordim. Biznes va iqtisod bo‘yicha ham muloqotlar qildik. Hukumat bilan aloqadaman. Ular juda ochiq. Muammolarni bemalol muhokama qilishadi. Fikrimiz har doim ham bir emas va bu tabiiy.

Navbahor Imomova: – Bu imkoniyatlarga siz Rossiya ta’siriga qarshi javob berish yo‘li deb ham qaraysizmi? Markaziy Osiyoga, bilasiz, ko‘plab siyosatdonlar buyuk o‘yinlar maydoni, deb qaraydi. Bilaman, Vashingtonda ko‘plar bunday qaramaydi. Siz-chi? Rossiya, qolaversa, Xitoy ta’siridan xavotirdamisiz?

Trent Kelli: – Xavotirda emasman. Uch oyoqli stulni tasavvur qiling. Biri Rossiyaniki va besh yilcha oldin ancha uzun edi. Xitoyniki kalta edi. Amerikaniki esa deyarli yo‘q edi. O‘zbekistonda, xususan. Hozir biz bormiz. Oyog‘imiz uncha uzun emasdir, lekin tenglashib qolamiz. Bu juda muhim. Muvozanat kerak. O‘zbekiston uchun bu yaxshi. U–- qadim Ipak Yo‘lidagi boy davlat. Buyuk xalq. Katta ta’sirga ega hududda joylashgan. O‘zbekiston hech kimning o‘yinchog‘i emas – Amerikaniki ham, Xitoyniki ham, Rossiyaniki ham.

O‘zbekiston xalqi o‘z holicha buyuk va biz uni quvvatlaymiz. Mamlakat o‘z foydasini o‘ylab, o‘zi qaror qiladi. Biz unga yordamlashamiz.

Navbahor Imomova: – «Do‘stlik» ordeni muborak bo‘lsin. Bu haqda qanday xabar topdingiz?

Trent Kelli: – Elchi menga xabar berdi. Mukofot men uchun sharaf. Qanday inson ekanligimni sizga aytdim: kim bilan do‘stlashmay, men chin do‘stman. 15-20 yil oldin shahrimda prokuror edim. O‘sha paytda orttirgan do‘stlarim, politsiyachilar hamon qadrdonlarim. 10-15 yil oldin birga xizmat qilgan harbiylar bilan hozirgacha yaqinman.

Navbahor Imomova: – Siz o‘zingizni xalq deb bilasizmi?

Trent Kelli: – Ha, men xalqman. Vakillar palatasi a’zosi - Amerika xalqining eng muhim ovozi. Bizni xalq saylaydi. Men bu yerda xalq ishongani uchun o‘tiribman. Xalq va davlat – bir narsa. Prezident Shavkat Mirziyoev ham shunga intilmoqda. Parlament xalq ovozi bo‘lsin, vakillar uning uchun kurashsin, deya harakat qilmoqda. Eng kuchli hokimiyat, bu – xalq irodasi va xohishini aks ettira oladigan hukumat. Respublika deb shuni aytishadi. Shu bois ham bizning davlatimiz kuchli. O‘zbekistonda yaqinlashayotgan saylovlar ham shu tomon yo‘l, deb umid qilamiz.

Navbahor Imomova: – Suhbat uchun rahmat.


16 088
Navbahor Imomova “Amerika ovozi”, O‘zA