O‘zA O`zbek

24.07.2020 Chop etish versiyasi

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Eron hamkorligining istiqboli muhokama qilindi

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Eron hamkorligining istiqboli muhokama qilindi

Oʻzbekiston Respublikasi, Afgʻoniston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasi vakillari ishtirokida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, uchala tomon uchun birdek manfaatli boʻlgan istiqbolli loyihalarni roʻyobga chiqarish masalalariga bagʻishlangan uchrashuv videokonferens-aloqa shaklida boʻlib oʻtdi. Bu haqda OʻzAga Transport vazirligi Axborot xizmati maʼlum qildi.

Yigʻilishda Oʻzbekiston transport vaziri Elyor Gʻaniyev, Afgʻoniston transport vaziri Yamo Shams, Eron tomonidan esa yoʻl va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomiy ishtirok etdi.

Onlayn muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda E.Gʻaniyev butun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sabab davlatlar oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar murakkablashib borayotgani, bunday vaziyatda mamlakatlarimiz oʻrtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarni yana-da faollashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qoʻshma qarorlar qabul qilish zarurligini alohida qayd etdi.

Taʼkidlash joiz, boshqa davlatlar oʻrtasida yuk tashish hajmi pasayishi kuzatilayotgan bir davrda Afgʻoniston yoʻnalishi boʻylab tashuvlar hajmi barqaror oʻsish surʼatini namoyon etmoqda. Jumladan, joriy yil yanvar-iyun oylari davomida temir yoʻl transporti orqali Afgʻonistondan va Afgʻonistonga yuk tashuv hajmi 2,5 million tonnani tashkil etdi. Bu 2019-yilning mos davriga nisbatan 50,6 foiz oʻsishga erishilganini anglatadi. Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afgʻoniston hududida amalga oshirilayotgan transport yoʻlaklarini rivojlantirish bilan bogʻliq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni shu jihatdan kelib chiqqan holda uchrashuvda transafgʻon temir yoʻli qurilishi masalasi hamda “Shimol-Janub” transport yoʻlagi doirasida Eronning “Choxboxor” porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda tranzit potensialini yana-da rivojlantirishdagi mavjud muammolar, xususan, tarif masalasi, yuk tashuv xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan TIR tizimidan toʻliq foydalanish, istiqbolda elektron TIR tizimini joriy etish va davlatlar chegaralaridagi bojxona infratuzilmasini yaxshilash kabi masalalarni hamkorlikda hal etish choralarini koʻrish boʻyicha ham fikr almashildi.

Tomonlar mavjud muammolarni hal etish, davlatlar oʻrtasida yuk tashish va tranzit hosil qilish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasini tartibga soluvchi yangilangan xalqaro hujjat imzolash zarurligini alohida taʼkidlashdi. Shu munosabat bilan Eronning yoʻl va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomiy hamkorlikdagi loyihalarni davom ettirish maqsadida davlatlar oʻrtasida maxsus ishchi guruhni tashkil etish va transport sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi yangi bitim imzolashni taklif qildi. Yangi hujjatni shakllantirish uchun uch tomonlama ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olindi.

Muzokaralar davomida Oʻzbekiston tomoni Eron – Afgʻoniston – Oʻzbekiston yoʻnalishida ilk avtokarvon tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu avtokarvonning tashkil etilishi yoʻnalish boʻylab yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar boʻyicha tasavvurga ega boʻlish va muammolar yechimi yuzasidan aniq choralar koʻrish imkonini yaratadi. Mazkur taklif Afgʻoniston va Eron tomonidan maʼqullandi. Eron tomoni aynan mazkur yoʻnalishda multemodal transport yoʻlagini tashkil etish davlatlar oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar yana-da rivojlanishga turtki berishini qayd etdi. Muhammad Islomiy shuningdek, 2021-yilda Eron tomoni Choxboxor portidan mamlakatning Zaxedon shahrigacha temir yoʻl qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini, bu esa oʻz navbatida davlatlar oʻrtasida yuk tashuv hajmi ortishiga hissa qoʻshishini taʼkidladi.

Afgʻoniston transport vaziri Yamo Shams davlatlar oʻrtasida transport va tranzit aloqalarini rivojlantirishga va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. Eron – Afgʻoniston – Oʻzbekiston yoʻnalishida ilk multemodal avto karvonni tashkil etish va bu jarayonda xavfsizlik masalalari Afgʻoniston hukumati tomonidan toʻliq taʼminlanishini bildirdi.

Uchrashuv soʻngida tomonlar koronavirus pandemiyasi tufayli vujudga kelgan qiyin va murakkab vaziyatga qaramasdan, uch tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish boʻyicha ishlarni davom ettirish zarurligini, aynan davlatlar oʻrtasida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud ekanini qayd etdi.

1 981
OʻzA