O‘zA O`zbek

12.03.2018 15:20:26 Chop etish versiyasi

Nepalda yo‘lovchi samolyoti halokatga uchradi

Bangladeshning US-Bangla xususiy aviakompaniyasiga qarashli yo‘lovchi samolyot Katmandu xalqaro aeroporti yaqinida halokatga uchradi. Bu haqda RIA Novosti «Kathmandu Post» nashriga tayanib xabar tarqatdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot qo‘nish chog‘ida yo‘nalishni uchish-qo‘nish yo‘lagiga to‘g‘irlolmagan va aeroportning sharqiy tomonidagi futbol maydoniga qulab tushgan. Halokatdan so‘ng havo kemasida yong‘in chiqqan.

Hukumat ushbu hodisa oqibatida qurbonlar bo‘lishi mumkinligini inkor qilmayapti, biroq hali bu haqda hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q.

Hodisa joyiga o‘t o‘chiruvchilar yetib kelgan. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, 17 yo‘lovchi qutqarilgan va eng yaqin shifoxonaga jo‘natilgan.

Katmandu aeroporti ma’muriyati xabar berishicha, samolyotning halokatiga texnik nuqson sabab bo‘lgan.