O‘zA O`zbek

03.10.2018 Chop etish versiyasi

Muhammad al-Muhairiy: Oʻzbekiston bilan hamkorlik kelishuvlariga erishamiz

Muhammad al-Muhairiy: Oʻzbekiston bilan hamkorlik kelishuvlariga erishamiz

Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari biznes-forumida BAA savdo-sanoat palatasi raisi oʻrinbosari Ibrohim al-Mahmud boshchiligidagi delegatsiya aʼzolari mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlarida olib borilayotgan islohotlar, yangi investitsiya loyihalari bilan tanishtirildi. 

“Tashrifimizdan maqsad mamlakatingizda olib borilayotgan islohotlar bilan tanishish, mavjud investitsiyaviy muhitni oʻrganish, Oʻzbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari oʻrtasidagi oʻzaro sarmoyaviy aloqalarni kengaytirishdan iborat. Bugungi biznes-forum ayni maqsadni roʻyobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi. Oʻzaro muloqotda Oʻzbekistonning neft-gaz, sayyohlik, oziq-ovqat, tibbiyot, qishloq xoʻjaligi kabi sohalar boʻyicha salohiyati, yangi investitsiya loyihalarga bagʻishlangan taqdimotlar oʻtkazildi. Oʻylaymanki, biz ayni yoʻnalishlarda hamkorlik kelishuvlariga erishamiz” dedi Abu Dabi savdo-sanoat palatasi Bosh direktori Muhammad al-Muhairiy jurnalistlarga bergan intervyusida. 

Eslatib oʻtamiz, bugun poytaxtimizda Oʻzbekiston – Birlashgan Arab Amirliklari biznes-forumi tashkil etildi. Tadbirda BAA savdo-sanoat palatalari rahbarlari, ishbilarmon ayollar Kengashi aʼzolari, “VPS Healthcare”, “Vision Investment Services Co”, “International Holdings Company PJSC” kabi yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirok etmoqda.

1 955
Malohat Husanova, OʻzA