O‘zA O`zbek

13.03.2018 19:52:52 Chop etish versiyasi

MRB tarixidagi ilk ayol rahbar. U haqda nimalar ma’lum?

AQSh Prezidenti Donald Tramp 13 mart kuni Davlat kotibi Reks Tillersonni lavozimidan ozod etdi va uning o‘rniga Markaziy razvedka boshqarmasi rahbari Mayk Pompeoni tayinladi. MRB direktorligini shu tashkilotda o‘rinbosar bo‘lib ishlab kelgan Jina Hespel egalladi.

Xo‘sh, Markaziy razvedka boshqarmasining ilk ayol rahbari kim? AQSh Prezidentining bunday tayinlovni amalga oshirishiga sabab nima?

Jina Hespel butun faoliyatini maxfiy xizmatga bag‘ishlagan. Shu sabab uning tarjimai holida ushbu soha vakillariniki kabi ma’lumotlar bir qadar cheklangan. U Markaziy razvedka boshqarmasidagi faoliyati davomida qanday yutuqlarga erishgan? Quyida shu haqda so‘z yuritamiz.

Tailanddagi maxfiy qamoqxona



Jina Hespel 1985-yildan beri MRB tizimida ishlaydi.
2002- yilda u Tailanddagi «Mushuk ko‘zlari» nomli maxfiy qamoqxonaga rahbar bo‘lgan. U yerda «Al-Qoida» terror tashkilotining a’zolari saqlangan.

Tailanddagi ishidan so‘ng Hespel bir qancha lavozimlarda faoliyat yuritgan. Uzoq vaqt davomida Markaziy razvedka boshqarmasining aksilterroristik markazida (CIA Counterterrorism Center) boshliq bo‘lgan. 2013-yilda u Milliy xavfsizlik xizmatiga (National Clandestine Service — NCS) rahbar etib tayinlanadi, ammo Tailanddagi faoliyati tufayli tanqidga uchrab, lavozimini tark etadi.

2017- yil fevral oyida Tramp Hespelni Markaziy razvedka boshqarmasi direktoriga o‘rinbosar etib tayinlaydi, ammo bu qaror AQSh Demokratik partiyasi vakillarining keskin noroziligiga sabab bo‘ladi. Oradan bir yil o‘tib, 2018- yil 13-martda Jina Hespel MRB tarixidagi ilk ayol direktorga aylandi.

Avvalroq Oq uy ma’muriyati AQSh Davlat departamenti va Markaziy razvedka boshqarmasiga yangi rahbarlar tayinlanishini Prezident Donald Trampning Shimoliy Koreya bilan muzokaralar boshlanishi arafasida yangi jamoani shakllantirish niyatida amalga oshirgani bilan izohlagan edi.

Medallar va e’tiroflar

Hespel turli darajadagi to‘rtta medal bilan taqdirlangan. Ulardan biri Prezidentning oliy darajadagi mukofoti (Presidential Rank Award) – AQSh fuqarolik xizmatidagilarga beriladigan nishondir.

AQSh Davlat departamentining yangi tayinlangan rahbari Maykl Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, Jina Hespel «MRBda 30 yildan ortiq tajribaga ega razvedka ofitseri va haqiqiy vatanparvar»dir.

Hespel Prezident Donald Trampga razvedka idorasiga rahbarlik qilishiga “imkoniyat bergani uchun” minnatdorlik bildirgan.

TASS materiali asosida tayyorlandi.