Militsiya podpolkovnigi koʻpxotinlikda aybdor, deb topildi
Tojikistonning Hisor shahar sudi militsiya podpolkovnigini koʻpxotinlikda aybdor, deb topdi va 50 ming somoni yoki 5300 dollar miqdorida jarima toʻlashni yukladi.
Tojikistonning Hisor shahar sudi militsiya podpolkovnigini koʻpxotinlikda aybdor, deb topdi va 50 ming somoni yoki 5300 dollar miqdorida jarima toʻlashni yukladi.
Sanʼatullo Saʼdulloyevga nisbatan hukm 14 dekabr kuni eʼlon qilindi va hozircha qonuniy kuchga kirmadi. Podpolkovnikning oʻzi ham, daʼvogar boʻlmish uning birinchi xotini Malohat Azizova ham sud hukmidan norozi ekanligini aytdi. Sanʼatullo Saʼdulloyevning 18 dekabr kuni aytishicha, hukm yuzasidan yuqori sud instansiyalariga shikoyat qiladi. Shu bilan birga u, haqiqatan ham 2009 yildan 2016 yilga qadar ikkita xotin bilan yashaganligini tan oldi, ammo 2 yil muqaddam norasmiy boʻlmish ikkinchi xotinini taloq qoʻygan.
Saʼdulloyevning soʻzlariga qaraganda, u qonunga itoat etmagan davrda Tojikistonda uch marta amnistiya eʼlon qilingan, shu sababli javobgarlikdan ozod qilinishi kerak. Agar unga nisbatan amnistiya qoʻllanilmaydigan boʻlsa, u holda podpolkovnik 50 ming somoni miqdorida jarima toʻlaydi va ishlab turgan lavozimidan boʻshatilishi mumkin. Agar vaziyat shu yoʻnalishda ketadigan boʻlsa, Saʼdulloyevning aytishicha, oʻzining ikki nafar xotinidan tugʻilgan olti nafar farzandiga aliment toʻlash imkoniyatidan mahrum boʻladi.
“Davlat ayblovchisi va sudya birinchi xotinimga otamga tegishli boʻlgan uyni berishimni yoki 50 ming somoni miqdorida jarima toʻlashimni xohlashdi. Biroq men, oilamizning bir nechta aʼzosi istiqomat qilayotgankasal otamning uyini bera olmayman. Men 25 yildan beri huquq-tartibot idoralarida ishlab kelyapman va 15 yildan beri yer uchun navbatda turibman, oʻzimga tegishli shaxsiy uy yoʻq. Ayni damda jarima toʻlash imkoniyatiga ega emasman, chunki oylik maoshim asosan yoʻl kiraga ketadi, chunki har kuni Hisordan Vaxdatga qatnayman”, – deydi suhbatdoshimiz.
Militsiya podpolkovnigining tan olishicha, ikkita xotin bilan yashash xato boʻlgan va bu ishidan pushaymon qilmoqda. “Birinchi xotinim birinchi farzand koʻrganidan soʻng boshqa farzand koʻra olmasligi, buning uchun meni ayblaganidan soʻng, men oʻzimga ishonch hosil qilish maqsadida ikkinchi xotinga uylandim. Ikkinchi xotinim bilan muqim turar joyimiz boʻlmagan. U birinchi erining uyida yashardi”, – deya oʻzining qilmishlariga izoh beradi Saʼdulloyev.
Birinchi va qonuniy xotini boʻlmish 40 yoshli Malohat Azizova bilan Sanʼatullo Caʼdulloyev 17 yil turmush kechirdi, ularning ikki farzandi bor. Ayol 18 dekabr kuni bayonot berib, eri jarima toʻlaganidan keyin javobgarlikdan ozod qilinishi kerak emasligni taʼkidladi. “Men va ikki farzandimga uy olib bersin va farzandlari balogʻat yoshiga yetguniga qadar aliment toʻlasin”, –deydi Azizova.
Uning aytishicha, eri unga taloq bergan boʻlishiga qaramay hamon rasman er-xotin hisoblanadi. “Ikki nafar oʻquvchi farzandlarim bilan oʻgay onam bilan yashaydigan otamning uyida menga joy yoʻq. Qonun adolatli boʻlishi kerak, daʼvo arizamdan keyin erim atigi jarima toʻlab qutilib ketib, men boshpanasiz qolishim kerak emas. Agar mening muammom hal etilmaydigan boʻlsa, Prezidentgacha chiqaman”, – deydi suhbatdosh.
Uning aytishicha, eri qonunni buzganidan soʻng sudga murojaat qilishga qaror qilgan. “Qonunga itoat etish boʻyicha barchaga namuna boʻlishi kerak boʻlgan militsiya xodimining oʻzi qonunni buzayotganini hamma koʻrib qoʻysin. Huquq himoyachisi oʻzini shunday tutadigan boʻlsa, oddiy erkaklardan nimalarni ham kutish mumkin?”, – deydi Malohat Azizova.
Podpolkovnikning ikkinchi xotini – 41 yoshli Gulbahor Valiyeva oʻtgan hafta bayonot berib, olti yil muqaddam Saʼdulloyev bilan nikohdan oʻtganini, ammo birinchi xotinining janjallaridan soʻng “taloq” olganini maʼlum qildi.