Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

09.08.2018 17:58 Chop etish versiyasi

Mehrdan yaralgan do‘stlik qal’asi

Mehrdan yaralgan do‘stlik qal’asi
Agar taqdir odamga saxovat ko‘rsatib, dunyodagi eng
 buyuk baxtni tortiq qilmoqchi bo‘lsa, unga sadoqatli do‘stlar in’om etadi.

Ernst Telman

Do‘stlik – ilohiy qudrat. U xalqlarni oliy maqsadlar yo‘lida birlashtira oladi. Zero, surat va siyratdagi mushtaraklik millatlarni ezgu orzu-umidlari ushalishida yaqinlashtiradi, jipslashtiradi.

Xalqlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik va do‘stlik haqida gap ketganida, albatta, tojik va o‘zbeklarning birodarligiga havas qilsa arziydi. Bu ikki dindoshu dildosh, jondoshu qondosh xalqlarni birlashtirgan qudratli do‘stlikning ildizi uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

Bunga tarixdan ko‘plab misollar keltirish mumkin. Hayot va tarix kitoblarida buni inkor etadigan biror dalil topilmaydi. Quvonarlisi, qardosh xalqlarimizni asrlar davomida birlashtirib kelayotgan do‘stlik qal’asi XV asrda millatlarning piri komillari Nuriddin Abdurahmon Jomiy va Nizomiddin Mir Alisher Navoiyning mehr qo‘ri bilan yanada mustahkamlandi, sayqal topdi.

To‘g‘ri, hayot haqiqatidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Sirdaryoning ikki o‘zani sanalgan yon qo‘shni – jon qo‘shnilar munosabatlarida xira tortgan yillar ham bo‘ldi. Ammo metindek mustahkam do‘stlik rishtalarining bir torini uzadigan kuch topilmadi. Do‘stlik ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqqa Yaratganning buyuk inoyati bo‘ldi.

Ushbu satrlar ana shu ilohiy do‘stlikni maromiga yetkazib madh etadi:

Az qadim o‘zbegu tojik et bilan tirnoq erur,

Qon-qarindoshlik shiorash qo‘lida bayroq erur,

Bir-birin mehmonga chorlab, yo‘lida mushtoq erur,

Toqati hijron nadorad vasliga chanqoq erur,

Ushbu do‘stlik har qadamda topgusi fathu zafar.

Tojik va o‘zbek birodarlik bobida Allohning nazari tushgan xalqlar desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tinchlik va milliy birlik asoschisi – Millat peshvosi, Tojikiston Respublikasi Prezidenti muhtaram Imomali Rahmon yuksak minbardan turib qilgan chiqishlaridan birida ikki buyuk millat do‘stligini qadrlab, shunday degan edi:

“Tarixda tojigu o‘zbek xalqlari kabi qondosh, jondosh bo‘lib ketish holati juda kam uchraydi. Markaziy Osiyoning eng qadimiy xalqlari bo‘lgan ushbu millatlarni mustahkam do‘stlik va qarindosh-urug‘chilik munosabatlari bir-biriga yanada yaqinlashtiradi. Bizning an’analarimiz, urf-odatlarimiz va hatto fe’l-atvorimiz bir. Hech ikkilanmay, mubolag‘asiz aytish mumkinki, ikki qo‘shni mamlakat tashqi siyosatida “ochiq eshiklar” usulining keng tatbiq etilishi hamda zamonaviy ruhdagi yangicha qarash va munosabatlarning yuzaga kelishi tufayli xalqlarimiz o‘rtasidagi jonajon do‘stlik ravnaqining oliy cho‘qqisiga eltuvchi davr boshlandi, inshoolloh…“

Bunga javoban, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi bilan o‘zaro munosabatlar istiqbollari haqida shunday fikrni bildirdi:

“Biz Tojikiston bilan katta-katta shartnomalarga qo‘l qo‘ydik. Chegara punktlari ochildi, temir yo‘lni ham tiklaymiz, elektr energiyasi uzatishga kelishib oldik. Boshqa masalalar ham shunday…“

Ikki mamlakat rahbarlari bashorat qilganidek, tez orada barcha yo‘nalishlarda aloqalar qayta tiklandi, savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy munosabatlar xalqlarimiz ko‘nglidagidek yo‘lga qo‘yilib, tomonlar manfaatlariga xizmat qila boshladi.

Har ikki davlatda madaniyat kunlari o‘tkazildi, Dushanbe va Toshkent shaharlarida sanoat ko‘rgazmalari muvaffaqiyatli tashkil etildi. Bularning barchasi xalqlarimiz o‘rtasidagi qondoshlik, quda-andachilikning ravnaq topishi, umuman, odamlarning munosib turmush sharoitida o‘zining ijobiy ta’sirini ko‘rsatmoqda.

Tojikiston va O‘zbekiston xalqlari Prezident Imomali Rahmonning javob tashrifini katta hayajon, intiqlik bilan kutmoqda. O‘zbekiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shoismat Ergashevning Dushanbeda o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilishicha, o‘zbek xalqi Imomali Rahmonning davlat tashrifiga astoydil hozirlik ko‘rmoqda.

Albatta, xolis niyat, pokiza qalb bilan qo‘l urilgan ish har doim ijobiy samarasini bergan.

Davlatimiz rahbarining O‘zbekistonga bo‘lajak safari ham ikki xalq o‘rtasidagi nafaqat birodarlikni, balki birlikni yanada mustahkamlash uchun turtki bo‘lishiga iymonimiz komil.

Yoqubjon Abdumanonzoda,
Tojikiston Respublikasi hukumatining
o‘zbek tilidagi rasmiy nashri –
“Xalq ovozi” gazetasi bosh muharriri,
O‘zA uchun maxsu

2 997